O‘zbekiston | 18:00 / 31.10.2018
77355
24 daqiqa o‘qiladi

AES qurilishidan O‘zbekiston qanday manfaat ko‘radi - ekspert bilan intervyu

Shu yilning 19 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasida birinchi AES qurilishi loyihasining amalga oshirilishiga start berishdi.

«Buyuk kelajak» ekspert kengashi a'zosi Qahramonjon Nasirov «Kun.uz»ga bergan intervyusida AES qurilishi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi tashabbusiga qanday qaraysiz?

- Energetika sohasidagi investorlar bilan ishlaydigan mutaxassis sifatida O‘zbekiston uchun yadro energiyasi foydali va kerakli deb hisoblayman. Shuning uchun mamlakatimiz prezidentining O‘zbekistonda yadro energetikasini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorini o‘qib, xursand bo‘ldim. Bu qarorni O‘zbekiston energetikasini, sanoatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim va tarixiy qaror deb bilaman.

Afsuski, bizda yurtimizda quriladigan AES to‘g‘risida, bu stansiyaning parametrlari to‘g‘risida ma'lumotlar kam. Shuning uchun quyida keltiriladigan ba'zi fikrlarni ushbu AES to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida yozilgan ma'lumotlardan kelib chiqqan holda bildiramiz.

Ommaviy axborot vositalaridan bilamizki, O‘zbekistonda quriladigan AESning qiymati 11 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. «Rosatom» amalga oshirayotgan boshqa ana shunday loyihalar yoki dunyoda qurilayotgan boshqa AESlar narxi bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu yaxshi narx. Agarda buning ichida AES bilan bog‘liq infrastrukturalarga kiritiladigan investitsiya ham bo‘lsa , unda bu biz uchun a'lo qiymat hisoblanadi. 

Fursatdan foydalanib aytmoqchimanki, AES qurilishi borasidagi bir qancha mavzular to‘g‘risida gapirilmayapti, xolis mutaxassislarning fikrlari yoritilmayapti. Misol uchun, AES qurilishining moliyaviy tomonlari, «Rosatom» tashkilotining boshqa AES qurilishi loyihalaridagi muammolari O‘zbekistonda qaytarilmaydimi, ekologiya, suv masalasi, radioaktiv materiallarni saqlash va boshqa mavzular.

Bular haqida ochiq hamda batafsil yozish va gapirish prezidentimiz qaroriga qarshi chiqish degani emas. Aksincha, bular ommaga mazkur qarorning qanchalik muhim ekanligini tushuntirishga, loyihani samarali va unumli amalga oshirishga yordam beradi deb o‘ylayman.

- Nima uchun odamlar yadroviy (atom) sanoatga salbiy qarashadi?

- Odamlarning atom sanoatiga salbiy qarashiga birinchi navbatda oxirgi yillarda bo‘lib o‘tgan bir necha katta avariyalar va ularning oqibatlari sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, yadro so‘zini eshitganda ko‘pchilikning tasavvurida yadro energiyasining kuchi va tarixda bo‘lib o‘tgan ayanchli voqealar paydo bo‘ladi. Ayrimlar atom qurollari bilan atom elektr stansiyalarining ishlash prinsiplarini farqlamasdan, ularning ikkisi ham xavfli degan fikrda yuradi.

Energetika sohasidagi yangiliklarni kuzatib borayotgan mutaxassislar yaxshi biladiki, oxirgi yillarda bu sohada ko‘p narsa o‘zgardi. Misol uchun, muqobil energiya manbalarining narxi yildan-yilga pasayib, samaradorligi oshib bormokda. Aksincha, atom elektrostansiyalarining qurilish narxlari o‘sib bormoqda.

Buning ustiga, atom elektrostansiyalarini ekspluatatsiya qilish – bloklarni ta'mirlashga, avariya oqibatlarini bartaraf qilishga katta mablag‘ sarf bo‘layotgani uchun atom kelajagiga salbiy qarash kuchaymokda. Bundan tashqari, hech kim inson tomonidan amalga oshirilgan loyihaga hech qanday kutilmagan holat bo‘lmasligiga yuz foiz kafolat bera olmaydi. Mana shu omillar ayrimlarning atom energetikasiga salbiy qarashlariga sabab bo‘ladi.

- Atom elektr stansiyasi qurilishi mamlakatdagi radiatsiya darajasiga ta'sir ko‘rsatadimi?

- Yo‘q. Atom elektr stansiyasi mamlakatdagi radiatsiya darajasiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. AES qurilgan hududi atrofida ham, mintaqada ham radiatsiya darajasi oshmaydi. Albatta, agarda biror xato yoki favqulodda holat sodir bo‘lmasa.  

- AES atrofidagi radiatsiya darajasi monitoring qilinadimi? 

- AES atrofidagi radiatsiya darajasini monitoring qilish birinchi navbatda davlatning vazifasi. Bu masalani hech qachon faqat AES egasi yoki AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning o‘ziga berib qo‘ymaslik kerak. O‘zbekistonda AES faoliyatini va umuman yadro sohasini nazorat qiluvchi organ tashkil etish kerak. «O‘zatom» yoki «O‘zbekenergo» bu sohani xolis tekshira oladimi, yo‘qmi, biror narsa deya olmayman. Chunki bitta tashkilot ham AES loyihasida ishtirok etib, ham bu loyihani tekshiruvchi sifatida qatnashishi to‘g‘ri bo‘lmaydi menimcha.

Ayrim davlatlarda AES atrofidagi radiatsiyani monitoring qilish huquqi uning atrofidagi aholi punktlariga ham berilgan. Bundan tashqari, mahalliy, nodavlat yoki ekologik tashkilotlarga AES atrofidagi radiatsiyani o‘lchash, AES faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan bemalol, to‘siqsiz tanishish huquqi berilgani yaxshi. Masalan, Chexiyada AES atrofida yashaydigan fuqarolar ham davlatdan radiatsiya o‘lchash uskunasini bepul olib, elektrostansiya atrofidagi radiatsiyani o‘lchash huquqiga ega.

- Ko‘pchilikni suv masalasi qiziqtiryapti...

- Bu tushunarli savol. Va nozik savol. Boya aytganimdek, biz qurilajak AESning ko‘p parametrlarini hali bilmaymiz. Mening taxminimcha, bizda qurilayotgan AES yiliga taxminan 38-40 million kub metr suv tortib olib, taxminan 8-10 million kub metr suvni AESdan tashqariga qaytarib chiqaradi. Suvning ko‘pi bug‘lanib ketadi. Demak, AESga yaqin joyda yetarli darajada suv manbasi bo‘lishi kerak.

Chiqayotgan suvning sifatiga kelsak, umumiy holatlarda AESdan toza suv chiqadi. Ko‘pincha AESdan chiqayotgan suv tarkibida tritiy moddasi bo‘ladi. Agarda kutilmagan hodisalar bo‘lmasa, ushbu suv tarkibidagi tritiy kabi moddalar sog‘liqqa zarar keltiradigan darajada ko‘p bo‘lmaydi.

AES mutaxassislaridan tashqari, mahalliy tashkilotlar ham chiqayotgan suv tarkibini doimiy nazorat qilib turishi lozim. Chunki tritiy moddasi filtrlanmaydi, ya'ni suvni tozalash imkoniyati yo‘q, shuning uchun suvda tritiy miqdori ko‘payib ketsa, vaqtida aholi va mahalliy hukumatga bu haqda ma'lumot berilishi kerak.

- AES qanchalik himoyalangan bo‘lmasin, u baribir xavfli degan fikrga qo‘shilasizmi?

- AES - xavfsiz elektr energiya manbai. Oxirgi bir necha o‘n yillar davomida yadro energetikasi xavfsizligi ancha takomillashgan va kuchaygan. Ushbu energiya manbasini tanqid qilayotganlarning AESlarning birinchi o‘rinda xavfli ekanligi to‘g‘risidagi fikrlariga qo‘shilmayman. AES qurilishi va ekspluatatsiyasida  xavfsizlikdan ko‘ra dolzarbroq boshqa masalalar bor.

Lekin, albatta AESlar ichkarisida ham, tashqarisida ham qandaydir darajada xavf saqlanib qoladi. Shuning uchun AES mutlaqo xavfsiz degan fikr ham noto‘g‘ri. Ba'zi misollarni keltirsak: «Rosatom» tashkiloti bilan bitim tuzgan Vengriyaning Paksh AESida aprel oyida avariya bo‘ldi va AESdan tashqariga radioaktiv moddalar chiqib ketdi. Yoki sentabr oyida Chexiyaning Temelin AESida suv regulyatsiyasi avtomati «adashib» radioaktiv suvni omborga emas, birinchi konturdan tashqaridagi, lekin AES ichidagi suv omboriga chiqarib yuborgan. Afsuski, mana shunday katta-kichik avariyalar hozirgi kunda ham uchrab turadi.  

Tashqi xavflarga kelsak. Masalan, bizda qurilishi ko‘zda tutilayotgan SSER 1200 energobloki samolyot zarbasiga chiday oladimi-yo‘qmi – Finlyandiyada qurilayotgan AES bo‘yicha mutaxassislar bu to‘g‘risida hozirgacha bahs yuritishmoqda.

Bundan tashqari, biz seysmologik faol hududda yashaymiz. Shu bois ehtimoliy zilzila va uning AES ichida bo‘layotgan jarayonlarga ta'sirini e'tiborga olishimiz shart.

Terrorchilar tomonidan bo‘lishi mumkin tahdidga kelsak, bu xavfning oldini olish o‘z qo‘limizda va ishonchim komilki, bizning xavfsizlik organlarimiz va armiyamiz bunday xavfning oldini olish uchun yetarli darajada kuch va salohiyatga ega.

- O‘zbekistonda qurilishi mo‘ljallanayotgan AES qay darajada zamonaviy?

- Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, «Rosatom» tashkiloti O‘zbekistonda «Z+» SSER – 1200 raqamli energoblokini o‘rnatmoqchi. Bu «Rosatom»ning zamonaviy qurilmalaridan biri.

Umid qilamizki, bizning mutaxassislar «Rosatom» O‘zbekistonga qay darajada zamonaviy jihozlangan blokni o‘rnatmoqchi ekanligini yaxshi nazorat qilishyapti.

SSER – 1200 reaktorli energobloklari Belarusda, Xitoyda, Vengriyada va Rossiyada o‘rnatilgan hamda o‘rnatilyapti. Bu reaktorning zamonaviy ekanligiga shubha yo‘q.

Bizning mutaxassislarimiz «Rosatom» qurishni boshlagan yoki loyihalashtirayotgan AESlardagi va qisman o‘rnatayotgan uskunalardagi muammolarni ham albatta o‘rganib chiqishi va kompaniya bilan bu muammolar to‘g‘risida batafsil fikrlashib olishi lozim deb o‘ylayman.

- AESdan chiqqan radioaktiv chiqindilar qayerga ko‘miladi? 

- Yevropa Ittifoqida radioaktiv chiqindilarni saqlash bo‘yicha aniq qonun-qoidalar mavjud. Yadro energiyasi olishda foydalanilgan radioaktiv chiqindilarni faqat yer ostida saqlashga ko‘rsatma berilgan. Radioaktiv chiqindilar ko‘miladigan «ombor» kamida 100 metr chuqurlikda bo‘lishi kerak. Bunday ombor qurishda yerning tarkibi muhim rol o‘ynaydi. Kuchli zilzila sodir bo‘lish ehtimoli bor joylarda radioaktiv chiqindi uchun ombor qurish ma'qul emas.

Hozirgi kunda ko‘p AESlar ishlatilgan «yonilg‘i»ni vaqtincha AES ichidagi alohida «basseyn»da saqlashadi. Keyin esa radioaktiv chiqindilar uchun mo‘ljallangan quruq omborlarda saqlanadi. Chiqindilar bunday omborlarda 50-60 yilgacha saqlanishi mumkin. Keyinchalik radioaktiv materiallar alohida qurilgan yerosti omboriga ko‘miladi. Yerosti omborlari betonlangan bo‘lib, radioaktiv chiqindilar maxsus konteynerlarda ko‘miladi. Bu materiallar yer ostida atrof-muhitga zarar keltirmaydigan darajada izolyatsiya qilingan holatda bo‘ladi. Lekin bunday yerosti omborlari hamma mamlakatlarda ham mavjud emas.

Ishlatilgan «yonilg‘i» reaktordan chiqqanidan keyin ham unda qanchadir miqdorda energiya saqlanib qoladi. Ba'zi mamlakatlar bugungi kunda bu «chiqindi»dan yana yangi yonilg‘i olmoqda. Lekin bu jarayonda ham radioaktiv chiqindilar chiqadi. Demak, bu yo‘lda hali izlanishlar olib boriladi menimcha. Ba'zi bir mamlakatlar esa chiqindi yonilg‘idan yangi reaktorlar turida foydalanishni sinab ko‘rmoqda (reaktorlarning 4-avlodi). Hozircha radioaktiv chiqindi muammosini butunlay hal kiladigan boshqa yechim yo‘q va bu chiqindilarni yer ostida saqlashga majburmiz.

Ba'zi mamlakatlar o‘z AESidan chiqqan radioaktiv chiqindini o‘z hududida saqlamaydi va boshqa davlatlar bilan bu chiqindilarni saqlash to‘g‘risida bitim tuzishadi. Misol uchun, Vengriya, Bolgariya kabi davlatlar Rossiya bilan bitim tuzib, o‘z yadroviy chiqindilarini saqlash uchun Rossiyaga berishadi.

Agarda kelajakda boshqa yechim topilmasa, radioaktiv chiqindilar shu kabi omborlarda minglab yillar saqlanishi mumkin.

- Stantsiyadan necha yil davomida foydalaniladi va ekspluatatsiya muddati tugaganidan so‘ng AES nima bo‘ladi? 

- Biz aytib o‘tgan energobloklar taxminan 60 yilgacha ishlashi mumkin. Bundan keyin ham sarmoya kiritib reaktorlar «umri»ni uzaytirsa bo‘ladi.

Lekin bu yerda bir muhim narsani aytib o‘tishimiz kerak. Energoblokni 60 yil ekspluatatsiya qilish mumkin deganimiz 60 yil ichida boshqa sarmoyasiz faqat xom ashyo evaziga elektr energiyasi olamiz degani emas. Bu davr ichida atom reaktorlari ta'mirlab turilishi kerak. Va bu ta'mirlash ishlari arzonga tushmaydi.

AESdan foydalanish davridagi xarajatlarga ozgina chuqurroq qarasak, energoblok ishini cheklaydigan va doimiy sarmoya talab qiladigan jihatlar mavjud: bosim ostida ishlaydigan idish, nasoslar, turbinalar, sovutish minoralari, xavfsizlik tizimini yangilash... 

Ikkinchi savolingizga kelsak, ekspluatatsiya muddatini doimiy uzaytirish imkoniyati yo‘q va muddati tugaganidan keyin albatta AESni likvidatsiya qilish kerak. AES likvidatsiyasi oson, tezda bitadigan va arzon ish emas. Qisqa qilib aytsak, energoblokni likvidatsiya qilishning eng qiyin joyi bu birinchi, primar bo‘limi. Chunki bu bo‘lim eng radioaktiv zaharlangan bo‘limdir. Ko‘pincha ushbu bo‘limni xavfsiz likvidatsiya qilish uchun energobloklar to‘xtatilib, o‘n yillab kutiladi. Chunki bu bo‘limdagi radiatsiya juda kuchli va hayot uchun juda xavflidir. O‘n yillar ichida radionuklidlar parchalanib, radiatsiya ancha pasayadi va bu bo‘limda ish boshlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Energobloklardan chiqqan barcha radioaktiv materiallar xuddi radioaktiv chiqindi qanday saqlansa, shunday tarzda yerosti omborlariga ko‘milishi kerak. AES o‘rni esa uzoq vaqtgacha kirish mumkin bo‘lmagan hududga aylanadi.

Atom energiyasi xalqaro tashkilotining hisob-kitobicha, bitta reaktor faoliyatini tugatib buzish uchun taxminan 500 million dollar sarflanadi.

- Mazkur AES qurilishidan O‘zbekiston qanday manfaat ko‘radi?

- Bu juda keng qamrovli savol. Bu savolga javob sifatida alohida maqola yozish mumkin.

O‘zbekistonda elektr energiyasi tanqisligi faqat mutaxassislarga emas, aholiga ham  ma'lum. AES qurilishi bilan mamlakatimizdagi ko‘plab dolzarb muammolar yechiladi va yangi sohalar rivojlanishiga zamin yaratiladi. Bu loyiha aholini elektr energiyasi bilan ta'minlashdan tashqari, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ulkan hissa qo‘shadi. Chunki zamonaviy ishlab chiqarish – zavod-fabrikalarning energiyaga bo‘lgan talabi kuchli va biz agarda mamlakatimizga yangi investitsiyalarni jalb qilmoqchi bo‘lsak, iqtisodiyotni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, bizga mana shunday kuchli elektr energiya manbai zarur.

- AES ishga tushishi bilan elektr energiyasi narxi arzonlashadimi yoki uzluksizligi ta'minlanadimi?

- Aytib o‘tganimdek, biz O‘zbekistonda AES qurilishining barcha moliyaviy taraflaridan xabardor emasmiz. Agarda barcha rejalar samarali amalga oshirilsa, AES yana o‘n yildan so‘ng ishga tushadi. Bu vaqtgacha energetika sohasi joyida turmaydi va ko‘p narsa, shu jumladan elektr energiyasi narxini aniqlash tartibi ham o‘zgaradi.

Umuman olganda, AES elektr energiyasi narxini pasaytirmaydi. MDH davlatlari yoki boshqa mamlakatlardagi energiya narxlarini kuzatib ayta olamizki, elektr energiyasi narxi pasaymaydi va mening fikrimcha, o‘sib boradi.

Uzluksiz ta'minlashga kelsak, albatta AES aholini hamda sanoatni, ishlab chiqarish sohasidagi korxonalarni uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlashga katta yordam beradi.

Bu yerda bir narsani aytib o‘tish lozim. Yadro energetikasidan bexabar hamyurtlarimiz AES to‘xtamasdan ishlab, uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqarar ekan degan fikrga kelmasliklari kerak. AES reaktorlari tez-tez to‘xtatib turiladi. Sababi esa har xil, masalan, reja bo‘yicha, nazorat signalizatsiyalari yoki mayda kutilmagan hodisalar sababli to‘xtashi mumkin. Yoki yoz oylarida kuchli qurg‘oqchilik bo‘lsa, suv yetishmasligi sababli to‘xtab qolishi ham mumkin.

- AES quvvati O‘zbekistonning qancha hududini elektr bilan ta'minlay oladi? 

- Agarda mamlakatimiz iqtisodiyotining uzoq muddatli rivojlanishini ko‘zda tutib gapirsak, qurilishi rejalashtirilgan AES barcha elektr energiyasining taxminan 15-17 foizini berishi mumkin. Bu juda katta ulush. Hududlar bo‘yicha esa hisoblash qiyin. Agarda AESning bor quvvatini viloyatlarga bo‘lib berishni faraz qilsak, AES kelajakda taxminan uchta viloyatni elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlashi mumkin.

- Bugungi kunda AESga muqobil, uning o‘rnini bosa oladigan elektr stansiyasi mavjudmi? 

- AES bilan muqobil energiya manbalarini faqat energiya ishlab chiqarish kuchi orqali  taqqoslash qiyin va unchalik to‘g‘ri emas. Ikkala energiya manbaining kuchli va zaif tomonlari bor.

Bir tarafdan muqobil energiya manbalari bugungi kunda juda samarali va energiya ishlab chiqarish uskunalarining narxlari tez pasaymoqdaki, ko‘p mamlakatlarning energiya tizimida muqobil energiya ulushi tezlik bilan oshib, boshqa  manbalar ulushi pasayib bormoqda.

Ikkinchi tarafdan, yadro energetikasi bugungi kunda eng arzon elektr manbai bo‘lib qolmoqda va energiya uzatish barqarorligi boshqa manbalarga nisbatan ishonchli. Shuni unutmaslik kerakki, yadro energetikasining o‘zida ham katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Bugungi kunda uran emas, toriyni yonilg‘i sifatida ishlatadigan reaktorlar ishlamoqda. Yoki katta reaktorlar o‘rniga, kichkina va mobil reaktorlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Masalan, faqat 20 megavatt yoki 200 megavatt energiya beradigan kichkina avtonom reaktorlar sinalmoqda. Yaqin kelajakda shunday reaktorlar ishlab chiqarilishi mumkinki, har bir viloyatda yoki kerakli sanoat parklarida o‘zlarining avtonom «AES»ini qurib berish imkoniyatlari paydo bo‘lishi mumkin bo‘ladi. Bular sinovdan o‘tkazilayotgan energiya manbalaridir.  

Biz hozir energiya sohasida katta o‘zgarishlar davrida yashayapmiz. Menimcha, O‘zbekistonda muqobil energiya vositalarini yaxshi baholay olmayapmiz. Qaror va topshiriqlar yetarlicha bo‘lishiga qaramasdan, bu sohada katta o‘zgarishlar va investitsiyalar kam. Bu sohani ommaviylashtira olmayapmiz.

Ozgina kulgili bo‘lsa ham, men AES bilan muqobil energiya manbalari kurashini o‘tgan asrning 90-yillaridagi uy telefoni bilan uyali telefonlar kurashiga taqqoslamoqchiman. Esingizda bo‘lsa, uyali telefonlarni ilgari faqat o‘ziga to‘q odamlar ishlata olgan va unga qarshi bo‘lganlar bu yangi aloqa vositasini qo‘pol, katta va signali kuchsiz, asosiysi, juda qimmat deb tanqid qilishgan. Quyosh, shamol, biomodda va shunga o‘xshash tabiiy manbalardan energiya olish uslublari yildan-yilga takomillashib bormoqda. Biz bu trenddan orqada qolmasligimiz kerak. Bo‘lmasa, bir kun kelib rivojlangan davlatlar «qo‘l telefoni»ni ishlatib yurganda, biz «uy telefoni»ga bog‘lanib qolishimiz mumkin.

- Nima uchun Germaniyada yadroviy reaktorlarni yopish dasturi qabul qilingan?

- Germaniyada jami 17ta reaktor mavjud. Ba'zilari hozirda har xil sabab bilan to‘xtatilgan, misol uchun ta'mirlashga. Qolganlari esa 2022 yilga borib to‘xtatilishi kerak. Germaniyadagi energiya manbalari shunday bo‘linganki, shimolda muqobil energiya ulushi kuchli, aksariyat yadro reaktorlari esa mamlakat janubida joylashgan. 2022 yilga borib haqiqatan barcha reaktorlar to‘xtatiladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq javob yo‘q, Chunki misol uchun, Bavariya hukumati ba'zi reaktorlardan foydalanish muddatini 2022 yildan keyinga uzaytirib berishni so‘ramokda.

Bu davlatda sanoat juda kuchli rivojlangan va yadro energetikasining ulushi 20-22 foizni tashkil qiladi. Savol tug‘iladi, AESlarning ulushi katta bo‘lsa, sanoatga katta elektr manbalari kerak bo‘lsa, nemislar nima uchun yadro energetikasidan voz kechishga qaror qilishdi?

Nemislar yadrodan voz kechish uchun bir nechta muhim qadamlarni bosib o‘tishdi:

- ishlab chiqarish sohalaridagi energiyatalab texnologiyalar yangi tejamkor uskunalarga almashtirilmoqda;

- muqobil energiya manbalariga e'tibor kuchaydi va davlat oxirgi yillarda bu sohaga katta mablag‘ sarflamoqda va bu manbalarning samaradorligi oshib bormoqda;

- nemislarning AESlar xavfsizligiga ishonchi sezilarli darajada pasaydi va ko‘pchilik aholi hukumatning yadro energiyasi ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish rejasini qo‘llab-quvvatlayapti.  

- O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?

- O‘zbekistonda AES qurilishi masalasi to‘g‘risida odamlar ikki guruhga bo‘linib qoldi. Ba'zilar qarshi, ba'zilar bu qarorni qo‘llab-quvvatlayapti. Bu tushunarli holat. Lekin hammamizning maqsadimiz bitta – O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirish orqali ishsizlikni kamaytirish, xalq farovonligini oshirish. Shu maqsad bizni birlashtirishi kerak.

«O‘zatom», «O‘zbekenergo» va ushbu loyiha bilan shug‘ullanayotgan davlat tashkilotlari xodimlari bir tomondan va xolis mutaxassislar boshqa tomondan ishchi guruhini tashkil qilishi va AES qurilishi loyihasini amalga oshirish vazifalari, loyihaning moliyaviy shartlari, infrastruktura masalasi, kadrlar tayyorlash jarayoni kabi masalalarni birgalikda ko‘rib chiqishini taklif qilaman.

Ba'zan shunday loyihalar bo‘ladiki, tezlik ularning oxirgi natijasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. AES qurilishi ana shunday loyihalar sirasiga kiradi. Bu kabi loyihalarni chet elda yillab tayyorlashadi. Sabablari tushunarli – loyiha juda qimmat va o‘ziga yarasha xavfli.

«Rosatom» biz uchun yetkazib beruvchi, sotuvchi tashkilot va biz esa mijoz sifatida ulardan zarur ma'lumotlarni so‘rab va muhim narsalarni tekshirib olishimiz kerak.

Misol uchun, «Rosatom» Finlyandiyada qurayotgan AESning birinchi okrugi reaktorining payvandlash ishlari sifatini xolis tashkilotlar tekshirib, o‘z xulosalarini berdi. Biz o‘zimiz hozircha bunday nozik va muhim qurilishlarni tekshira olmaymiz.

O‘zbekiston Yadro fizikasi instituti reaktorida tajriba sifatida energiya chiqarish akademik tadqiqot sifatida yaxshi amaliyot. Lekin amalda AES qurish, uning kamchiliklarini quruvchi tashkilotga ko‘rsatish va ularni nazorat qilish umuman boshqa ish va mas'uliyat demakdir.

O‘zbekistonda bu sohada yetarli darajada tajribali mutaxassislar kam, shuning uchun mutaxassislarni tashqaridan jalb qilish lozim.

Mening taklifim, O‘zbekistondagi AES qurilishi jarayonini va qurilish sifatini xolis, tajribali tashkilot tekshirib turishi kerak.

Suhbatdosh haqida: Qahramonjon Nasirov Chexiyadagi Liberets Texnika universitetini injyener-konstruktor mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.

Chexiyadagi Hamé korporatsiyasining Rossiyadagi filiali direktori, Niderlandiyadagi Impress kompaniyasining Sharqiy Yevropadagi ishlab chiqarish va savdo bo‘yicha filiali boshlig‘i, Belgiyaning Ontex International kompaniyasida ishlab chiqarish zavodining direktori lavozimlarida ishlagan.

Hozirda Shveytsariyaning Royal Lake, United Energy investitsiya fondlarining infrastruktura va energetika sohasidagi investitsiyalari bilan shug‘ullanadi

Dilshodbek Asqarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid