O‘zbekiston | 17:00 / 06.11.2018
36838
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobod tumani tug‘ruqxonasida homilador ayol o‘limida ayblangan ginekolog sud qilinadi

Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan shu yilning iyun oyi oxirida Bekobod tumani tug‘ruqxonasida sodir bo‘lgan fojiali hodisa - fuqaro K.A va uning chaqalog‘i o‘limi holati yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borildi.

Shu yilning 28 iyun kuni Sirdaryo viloyati Shirin shahrida doimiy ro‘yxatda turgan va Bekobod tumanida yashab kelgan fuqaro K.A tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limiga homiladorligi bo‘yicha murojaat qilgan, shu kuni tug‘ruq bo‘limiga qabul qilingan. Kasallik tarixiga homiladorlik vaqti 42 hafta tashxisi qo‘yilib, shifoxonaga yotqizilgan.

Lekin, tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi akusher-ginekolog shifokorlari tomonidan fuqaro K.A.ning umumiy ahvoli tibbiy ko‘rikdan beparvolik va qoniqarsiz ahvolda o‘tkazilgan. Homila 42 haftalik bo‘lganini inobatga olishmagan. Beparvoliklar oqibatida fuqaro K.A va uning homilasi nobud bo‘lgan.

Joriy yilning 2 iyul kuni Bekobod tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari va boshqa xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Ularga Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik va ehtiyotsizlik natijasida qilingan qilmishlar odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan ayb qo‘yilgandi. 

O‘tgan vaqt mobaynida jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Mazkur holat yuzasidan 3 iyulda komission sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Uning natijasiga ko‘ra, 30 sentabr kuni Bekobod tuman tibbiyot birlashmasi sobiq vrach-ginekologi F.U.ga ayblov qo‘yilgan. Unga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudiga yuborilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudida ko‘rilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid