Jamiyat | 17:20 / 06.07.2018
122334
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobod tumani tug‘uruqxonasida bir ayol va 2 go‘dak 2 kun ichida vafot etdi

2018 yil 29 iyunda Toshkent viloyati Bekobod tumani tug‘uruqxonasida uchinchi farzandini dunyoga keltirishga urinish chog‘ida Sirdaryo viloyati Shirin shaharchasida istiqomat qilib kelgan, asli Bekobod tumani Dalvarzin 1-bo‘lim Bog‘ishamol MFYda voyaga yetgan, 1987 yilda tug‘ilgan K.A. vafot etdi. Ikki qizning onasi bu safar o‘g‘il kutayotgan edi. Ammo ona-bola bir qabrga qo‘yildi. K.A. uchinchi farzandini ham turmush o‘rtog‘i Qozog‘istonda mehnat muhojiri bo‘lgani sababli Bekobod tumanida dunyoga keltirishga qaror qilgan.

Bu mudhish voqeadan biror kun orasida ushbu tug‘uruqxonada yana bir go‘dak halok bo‘ldi. Bu safar Dalvarzin 1-bo‘lim Bog‘ishamol MFY, Paxtazor ko‘chasida istiqomat qiluvchi M.A.ning 9 oy ko‘tarib yurgan qizaloq jigarbandi yorug‘ dunyoni ko‘rmadi.

Bekobod tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasi tomonidan berilgan 80-ma'lumotnomada ayol o‘limiga ichki va tashqi qon ketish, postgemorragik shok va bachadon o‘ng tomondan yorilishi sabab bo‘lgani aytiladi. 

KUN.UZ sayyor guruhi mazkur fojialar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘plash, tuman huquq-tartibot idoralari tomonidan qanday choralar ko‘rilayotganiga doir axborot olish maqsadida Bekobod tumaniga bordi. 

Tuman prokuraturasi tergovchisi, kichik adliya maslahatchisi Alisher Boboqulov ayni holat yuzasidan tergov ishlarini olib borayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yil 2 iyul kuni O‘zR JKning tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Biroq kimga nisbatan yoki qaysi holat bo‘yicha ekani, tergov siri bo‘lgani sababli ma'lum qilinmadi. 

Ayni vaqtda tahririyat ixtiyorida fojia qanday bo‘lganiga doir ayrim ishonchli ma'lumotlar mavjud. Biroq ularni biz ham qonunchilik talabidan kelib chiqqan holda, hozircha e'lon qilishni rejalashtirayotganimiz yo‘q. Shu munosabat bilan KUN.UZ sayti Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, qolaversa O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligidan mazkur holatlar bo‘yicha izoh kutib qoladi.   

Mavzuga oid