Jahon | 14:10 / 22.11.2018
20961
2 daqiqa o‘qiladi

GRU yangi rahbarining nomi ma'lum qilindi

Foto: RIA Novosti

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi (GRU) boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib vitse-admiral Igor Kostyukov tayinlandi. Bu haqda 22 noyabr, payshanba kuni, RBK Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin uch manbaga tayanib xabar berdi.

Bundan avval Kostyukov GRU boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Maxsus xizmat rahbari lavozimi 21 noyabr Igor Korobov vafot etganidan so‘ng bo‘sh qolayotgandi.

«Kostyukov mudofaa vaziri buyrug‘i asosida Korobovning kasalligi davrida vazifalarni bajargan. Uni Korobovning o‘rniga tayinlash haqidagi masala prezident qarori bilan hal qilinadi», - deya aytib o‘tgan nashrning Bosh shtab rahbariyatiga yaqin suhbatdoshi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatiga yaqin bo‘lgan manba buni tasdiqladi va Kostyukov boshqarma boshlig‘i lavozimiga eng asosiy nomzod ekanini xabar qildi.

RBK ma'lumotiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi Harbiy-diplomatik akademiyasini tamomlagan Igor Kostyukov 1961 yil 21 fevralda tug‘ilgan. Harbiy o‘quv muassasasini tugatganidan so‘ng, u harbiy attashe yo‘nalishi bo‘yicha xizmat qilgan, keyin Bosh razvedka boshqarmasida ishlagan, Suriya Arab Respublikasidagi harbiy amaliyotni bevosita boshqarishga jalb etilgan. Prezident Putinning farmoni bilan Kostyukovga 2017 yilda Rossiya Qahramoni unvoni berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq GRU boshlig‘i Igor Korobov vafot etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid