O‘zbekiston | 12:06 / 29.01.2019
45276
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi telekanal tashkil qilish taklif etildi

Foto: Getty Images/Manuel Breva Colmeiro

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tibbiyot telekanalini tashkil qilish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, respublikada aholi tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida tibbiy telekanal tashkil qilish kerak. Hozirgi kunda aholining katta qismi umumiy tibbiy bilimlar, jumladan sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish, gigiyena-sanitariya qoidalariga amal qilish, kasalliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi yetarlicha tushuncha, bilim va malakaga ega emas.

“Shu maqsadda tibbiy telekanal tashkil qilinib, turfa mavzularda ko‘rsatuvlar tayyorlansa, sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinsa, o‘zining ijobiy samarasini berar edi. Aholi o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklar haqida, ularning oldini olish choralari to‘g‘risida doimiy tushunchalar berib borilishi xalqimiz sog‘lig‘ini saqlashga katta hissa qo‘shadi. Tibbiy telekanal faoliyatiga professional yondashilsa, u eng ommabop, sevimli va samarali telekanallardan biriga aylanadi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq STIRni pasportning ma'lumotlar sahifasiga muhr bilan qo‘yish taklifi berilgandi.

Mavzuga oid