O‘zbekiston | 07:37 / 30.03.2019
24403
2 daqiqa o‘qiladi

TIV Yoqutistonga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi Yoqutistonga ketayotgan fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi (konsullik okrugiga Rossiyaning Uzoq sharqiy federal okrugi kiradi) ma'lumotiga ko‘ra, Saxa Respublikasi (Yoqutiston) rahbarining 2019 yil 27 martdagi 442-sonli farmoni bilan 2019 yilda Saxa Respublikasi (Yoqutiston) hududida faoliyat yurituvchi xo‘jalik sub'yektlariga patent asosida mehnat faoliyati olib boruvchi xorijiy fuqarolarni 33 xil iqtisodiy faoliyatga jalb etish taqiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, hudud rahbari Aysen Nikolayev bu borada tegishli farmonni imzoladi. Unga muvofiq, Yoqutistonda migrantlarga savdo-sotiq, yo‘lovchi tashish, mahsulotlar, ichimlik va kiyim-kechaklar ishlab chiqarish sohasida ishlash taqiqlandi.

Taqiq qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, ovchilik, qayta ishlab chiqarish, qurilish, savdo, transport, mehmonxona, ilmiy-texnik faoliyat, ko‘chmas mulk, ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalaridagi 33 ta faoliyat turiga nisbatan joriy etildi.

Patent asosida mehnat faoliyatini olib borayotgan xorij fuqarolari huquq, muhandislik-texnik loyihalash, buxgalteriya, ilmiy ishlab chiqarish va tadqiqotlar sohalarida ishlash huquqiga ega bo‘lmaydi.

17 mart kuni Yoqutistonda qirg‘izistonlik migrant mahalliy ayolga zo‘rlik ishlatgani ma'lum bo‘lganidan so‘ng miting bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng bu yerdagi migrantlar mahalliy aholi tomonidan ta'qibga olinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Qirg‘iz diasporasi esa Yoqutistondagi vaziyat bo‘yicha bayonot berdi. «Qirg‘iziston birligi» mintaqalararo jamoat tashkiloti raisi Abdug‘ani Shokirovning ma'lum qilishicha, Yoqutistonda muhojirlarga qarshi qabul qilingan choralar «juda qattiqdir».

Shokirovning ta'kidlashicha, bunday qaror Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi kelishuvlari, shuningdek, Rossiya qonunchiligiga zid keladi.

Mavzuga oid