O‘zbekiston | 15:10 / 25.07.2019
81520
2 daqiqa o‘qiladi

Ravshan G‘ulomov prezidentga maslahatchi bo‘ldi

Foto: UzReport

Iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan G‘ulomov prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, prezident qarori bilan Ravshan Ayubovich G‘ulomov O‘zbekiston respublikasi prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan. U shu munosabat bilan iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.

Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi 2017 yilda Vyacheslav Golishev ishdan ketganidan beri vakant edi. 2017 yildan beri Galina Saidova maslahatchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.

Ravshan Ayubovich G‘ulomov turli yillarda Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari (2001-2004), O‘zbekiston Milliy banki raisi birinchi o‘rinbosari (2004-2006), «Asaka» bank raisi (2006-2007), Moliya vaziri birinchi o‘rinbosari (2009-2010), Iqtisodiyot vaziri (2010-2011), Tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va investitsiya vaziri (2011-2012), O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori (2012-2017) sifatida ishlagan.

Qayd etish kerakki, Ravshan G‘ulomov so‘nggi 2 yilda to‘rtinchi marta lavozimini o‘zgartirmoqda.

U 2017 yilning aprelidan 2018 yilning avgust oyigacha Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bo‘lgan,  2018 yildan 2019 yil boshigacha Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimlarini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamentining mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatgan, 2019 yilning yanvarida Iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Mavzuga oid