O‘zbekiston | 20:28 / 02.08.2019
18272
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim vaziri: majburiy mehnatning har qanday shakli mumkin emas

Bugun, 2 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi mutasaddilari va vazir Agrippina Shin ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Agrippina Shin vazirlikka asos solinganidan buyon qilingan ishlar haqida ma'lumot berdi.

– O‘tgan 1,5 yil ichida qilgan ishlarimizni sarhisob qiladigan bo‘lsak, 2017 yilda maktabgacha ta'lim yoshida bo‘lgan 37,7 foizi, ya'ni 660 ming bola MTM muassasalarida qamrab olingan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bunday yoshdagi 1,1 mln bola yoki 40,5 foiz bola jalb qilingan. 2019 yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 44,5 foizga yetkazmoqchimiz. Bu orada bolalar soni ham 2,5 mln nafardan 2,66 mln nafarga yetganini ham hisobga olish lozim. 2030 yilga borib bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish 80,8 foizgacha ko‘tarilishi rejalashtirilgan. Vazirlik MTTlar quvvatini oshirib boradi va 2021 yilga borib ulardagi o‘rinlar yangi MTTlar ochish, davlat–xususiy sherikchilik asosida hamda chekka hududlar uchun dolzarb bo‘lgan maktabgacha ta'limning muqobil shakllari hisobiga 56,8 foizgacha o‘sadi (2030 yilda esa 132,3 foiz).

Kun.uz muxbirining “Maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari hamisha majburiy mehnatdan aziyat chekib kelishgan. Mana bugun ham Buxoroda shunday holat qayd etildi. Vazirlik bunga qarshi kurashishda qanday ishlarni amalga oshirmoqda?” degan savoliga, vazir:

– Uzoq yillar davomida bu tizimga ko‘ngildagidek e'tibor berilmaganini tan olish kerak. Xodimlarimiz hamisha obodonlashtirish, mavsumiy ishlarga jalb qilib kelingan. Ammo endi bunday bo‘lmaydi – majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi. Har qanday hasharlar vazirlik ruxsati bilan bo‘lishi kerak. Har bir holat alohida o‘rganiladi. Yaqinda sohamizga oid qabul qilinayotgan qonunda ham bu muammoga alohida to‘xtalingan, – deb javob berdi.

 

Mavzuga oid