Sport | 20:40 / 15.09.2019
9605
2 daqiqa o‘qiladi

Dilshod Ro‘zmetov g‘alabali yurishini davom ettirdi

15 sentabr kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining yana bir vakili muvaffaqiyatli yurishini davom ettirdi.

-81 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Dilshodbek Ro‘zmetov jahon chempionatidagi ikkinchi jangini kongolik Pita Kabeji Peterga qarshi o‘tkazdi va 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, 1/8 finalga yo‘l oldi.

Dilshod Ro‘zmetov turnirdagi ishtirokini saralash bosqichida boshlagan, ilk jangda u mo‘g‘ulistonlik Narmandax Shinebayarni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etgandi.

15 sentabr kungi janglar doirasida o‘zbekistonlik Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg) ham ringga chiqqan, u braziliyalik Duglas de Andradeni mag‘lubiyatga uchratib, nimchorak final bosqichiga o‘tgandi.

Bugungi dasturda O‘zbekiston boks terma jamoasining yana bir vakili Sanjar Tursunov (-91 kg) ham turnirdagi ishtirokini boshlaydi. U braziliyalik Abner Teysheyra bilan jang nimchorak final yo‘llanmasi uchun jang qiladi.

Turnir 21 sentyabrga qadar davom etadi. Turnirda jahonning 91 mamlakatidan jami 488 nafar sportchi ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid