O‘zbekiston | 18:34 / 09.11.2019
18077
3 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov Mudofaa vazirligining ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Samarqanddagi Markaziy harbiy okrug madaniyat va ma'rifat markazida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga Mudofaa vazirligining  ko‘krak nishoni topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 12 dekabrdagi «Mudofaa vazirligi va joylarda davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi ularning mas'uliyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga binoan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z bordi, deb xabar beradi Kun.uz’ga viloyat hokimligi Axborot xizmati rahbari, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Manuchehr Mirzayev.

Tadbirda Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilarining jangovar shayligini oshirish, ularning oila a'zolarini ijtimoiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar harbiy-ma'muriy sektor rahbariyati bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgani va bu bugungi kunda ijobiy samara berayotgani ta'kidlandi.  

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘i o‘qib eshittirilib, generel-mayor Pavel Ergashev tomonidan Kattaqo‘rg‘on okrug poligonini barpo etishda munosib hissa qo‘shgan Samarqand viloyati hokimi, Samarqand harbiy-ma'muriy sektori rahbari Erkinjon Turdimovga Mudofaa vazirligining III darajali «Namunali xizmatlari uchun» ko‘krak nishoni va Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, tadbir davomida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar orasida xizmat burchini sidqidildan bajarayotgan, harbiy jamoa hayotida faol qatnashayotgan va harbiy xizmatga va tanlagan mutaxassisliklariga sidqidildan yondashib, mamlakat mudofaa qudratini yuksaltirishda munosib hissa qo‘shib kelayotgan harbiy xizmatchilarga harbiy unvon va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mavzuga oid