Jamiyat | 19:50 / 15.11.2019
52831
2 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Lolaning shov-shuvli klipiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova xonanda Lola Yo‘ldoshevaning internetda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan «Sevgingni menga ayt – 2» qo‘shig‘i klipiga munosabat bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Kuni kecha Lola Yo‘ldoshevaning klipi chiqdi. U «O‘zbekkonsert»ni litsenziya olib, berish tartibini balki to‘g‘ri tanqid qilgandir. Lekin atlasni masxaraboz kiyimi qilgani, ma'naviyat so‘zini o‘yinchoq qilib qo‘ygani – bu yigirma beshinchi kadr. Afsuski, buni yana ijtimoiy tarmoqda ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan», – dedi Bositxonova 15 noyabr kuni matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi o‘tgan oyda xonanda Jahongir Otajonovning litsenziyasini «ma'naviy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan nomunosib harakatlari» sabab bekor qilgan, ammo ikki kun o‘tib, jamoatchilikning keskin e'tirozi ortidan xonandaga qonuniy ijod qilish huquqini qaytarib bergan edi.

Shu bilan bir vaqtda, bundan oldinroq litsenziyasidan mahrum qilingan san'atkorlar Abdulla Qurbonov, Shahlo Ahmedova va Halima Ibragimovaga ham ijodiy faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgandi. «O‘zbekkonsert»ning bu qarori ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ayni mavzu Lola Yo‘ldosheva 12 noyabr kuni e'lon qilgan klipda ham tanqid ostiga olingan.

Mavzuga oid