O‘zbekiston | 16:18 / 28.01.2020
8666
3 daqiqa o‘qiladi

Aholining xususiy bandlik agentliklariga ishonchi yo‘qolmagan – Migratsiya agentligi

Xususiy bandlik agentliklari atrofidagi shov-shuvli voqealar, bo‘lib o‘tgan bir nechta sud jarayonlariga qaramay aholining ularga ishonchi yo‘qolmagan, deb hisoblaydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunov.

“Aholida xususiy bandlik agentliklariga ishonch bor. Mana, yaqinda Andijonda mehnat yarmarkasi tashkil etdik, juda ko‘p xususiy bandlik agentliklari ham borishdi. Ko‘rdikki, ularga nisbatan fuqarolarimizda ishonch bor.

Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlamoqchiman. Har bir fuqaro o‘zining huquqini o‘zi himoya qila olishi kerak. Xususiy bandlik agentligiga murojaat qilganida odamlarimiz tashkilotning litsenziyasini ko‘rishga, XBA bilan tuziladigan shartnomani o‘qib ko‘rishga yoki uni o‘zi bilan olib ketib, sohani tushunadigan birorta huquqshunosga, yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan biror bir mutaxassisga ko‘rsatishga, shartnomaga qo‘l qo‘ymaslikka, agentlik so‘rayotgan pulni to‘lamaslikka haqqi bor. Ya'ni fuqarolarimiz XBA bilan shartnomani imzolashdan oldin hujjatlarni yaxshilab o‘rganishsa, keyin murakkab vaziyatlarga tushib qolishmaydi”, deydi u.

Baxtiyor Tursunov

Baxtiyor Tursunovning aytishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining har bitta viloyat markazida filiallari bo‘lib, fuqarolar XBA bilan shartnoma tuzishdan oldin shu filiallarga borib, shartnomani ko‘rsatib, bepul maslahat olish mumkin.

Agentlik rahbari xorijga ishga ketuvchilarni hech qachon shartnomani o‘qimasdan unga imzo qo‘ymaslikka chaqirdi.

“Xususiy bandlik agentliklari ikki turga bo‘linadi: xorijda yoki O‘zbekistonning ichida aholini ish bilan ta'minlash bilan shug‘ullanadi. Fuqarolarni xorijda ishga joylashtirishni tashkillashtirish uchun litsenziya olish kerak, O‘zbekiston hududida faoliyat yurituvchi xususiy bandlik agentliklaridan litsenziya talab etilmaydi. Hozirgi kunda 80ta xususiy bandlik agentligi faoliyat olib bormoqda, shundan 59tasi xorijda ish topib berish bilan shug‘ullanadi.

Bugungi kunda 5ta xususiy bandlik agentligi mas'ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishlari ochilgan. Bu degani hamma xususiy bandlik agentliklari jinoyatchi degani emas. Ayni paytda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari, tergov jarayonlari yakunlanib, sud hukmi o‘qilgandan so‘ng ayblanuvchilar qanday jinoyatlarni sodir etganini gapirishimiz mumkin bo‘ladi”, – dedi TMMA  boshlig‘i Baxtiyor Tursunov.

Avvalroq 2019 yilda Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan 3323 nafar fuqaro davlat hisobidan O‘zbekistonga olib kelingani, 2019 yilda xorijda O‘zbekiston fuqarolari 1511ta jinoiy ish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgani, ayni paytda taxminan 300 ming nafar O‘zbekiston fuqarosining Rossiya hududiga kirishi taqiqlangani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid