O‘zbekiston | 09:35 / 06.03.2020
61027
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ham hokimlikka ayol kishi tayinlandi

Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi.  

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Shu kunga qadar Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi vazifasida faoliyat olib borgan Muzaffar Kozimovich Hoshimov o‘z arizasiga asosan egallab turgan vazifasidan ozod etildi. 

Sessiyada deputatlar tomonidan Gavhar Zoyirovna Alimova nomzodi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.

Gavhar Alimova Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1989 yilda Jomboy tumanidagi 16-maktab yo‘riqchiligidan boshlagan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi mutaxassisi, avvalgi “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2018 yildan 2020 yilgacha Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, yaqindan boshlab esa Samarqand viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda amaldagi ayol hokimlar soni olti nafarga yetdi. 

Bungacha Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumaniga Zulayho Mahkamova, Sirdaryo viloyati Boyovut tumaniga Dilfuza Uralova, Buxoro viloyati Olot tumaniga Nargiza Ne'matova, Andijon viloyati Bo‘ston tumaniga Sadbarxon Mamitova, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumaniga Maqsuda Mustafoyeva hokim etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid