Jamiyat | 10:20 / 11.04.2020
105671
7 daqiqa o‘qiladi

Murojaatchilarga murojaat: «Odam bo‘lmaymiz»mi?

Bu yilning bahori dunyoning barcha mamlakatlari uchun og‘ir keldi. Yanvar-fevral oylarida faqat Xitoyning o‘z muammosi bo‘lib turgan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham jiddiy qaramagan koronavirus fevral oyi oxiri va mart oyi boshiga kelib butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketdi. Natijada barcha davlatlar hukumatlari epidemiologik noxush hududlardagi fuqarolarini ulgurganicha evakuatsiya qildi va xalqaro aviaaloqalarni to‘xtatib, chegaralarini yopdi va turli darajada karantin choralarini joriy qildi.

O‘zbekiston hukumati ham ilk bemor aniqlanishi bilan zarur choralarni ko‘rishga kirishdi. Avvaliga 16 mart kunidan barcha ta'lim muassasalari faoliyati to‘xtatildi, ko‘p o‘tmay turli muassasalar, shu jumladan umumiy ovqatlanish muassasalari yopildi. 22 mart kuni mamlakat bo‘ylab barchaga tibbiy niqob taqish majburiy bo‘ldi, turli tashkilotlar xodimlari masofadan ishlash tartibiga o‘tdi, oy oxiriga kelib viloyatlararo transport harakatiga cheklov qo‘yildi, shaharlarga kirish va chiqish cheklandi, 30 mart kunidan O‘zbekiston xorij bilan aviaaloqalarni butunlay to‘xtatdi. Mamlakatda qat'iy karantin choralari amal qilmoqda. Butun dunyoda bo‘lgani kabi.

Shunday pallalarda vaziyatni his qilmayotganlar, qo‘llangan choralarni tushunmayotganlar va noshukrlik qilayotganlar ham uchramoqda.

«Hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev! Biz Rossiyada qolib ketgan yurtdoshlaringizga yordam bering... Aeroportda qiynalib qoldik... »

«Hurmatli prezidentimiz Shavkat Miromonovich! Sizga xalq nomidan murojaat qilyapmiz! Biz Dubayga sayyohlik bilan kelganlar... Mehmonxonada qolib ketdik...»

«Biz Londondagi vatandoshlar... »

«Istanbuldan murojaat qilyapmiz... »

«Mana, bizni 14 kunga karantinga joylashtirgan joyining ahvoli...»

«Mana bunga kim to‘yadi, kambag‘alni ustidan kulishmi bu...»

To‘g‘risi, bugungi kunning ommaviy media tarmog‘i bo‘lgan turli telegram kanallar, ijtimoiy guruhlarda shu kabi murojaatlar ko‘ngilni behuzur qilmoqda. Shu vaqtga qadar bunday murojaatlarga e'tibor qilmay kelayotgandim. Albatta, barchaning gapirish huquqi bor. Endi men ham shu huquqdan foydalanmoqchiman. Men ham murojaat qilmoqchiman.

Yuqoridagi kabi murojaatlarni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab topish mumkin. Telegramda ham, Instagramda ham, Feysbukda ham shunday videolar aylanmoqda. Ularning ayrimlarida kaltafahmlik, sabrsizlik va noshukrlik haddan tashqari, bunday videolar ayrim nashrlar uchun tekin mavzu bo‘layotgani esa alohida mavzu.

Gap bu haqda emas.

Agar koronavirus 6-7 yil avvalgi vaqtda tarqalganida xorijdagi vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyat qanday kechgan bo‘lardi? Ularning holidan xabar olinarmidi? Shu koronavirus qurg‘ur agar o‘sha vaqtda tarqalganida Vatanga siz singari vatandoshlarni qaytarish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yilgan bo‘larmi?

So‘nggi 2-3 yilliklarda esa birgina fuqaro sog‘ligi uchun ham butun boshli samolyot yuborilganiga guvoh bo‘ldikku?

Shunday ekan, bunchalik ayyuhannos solish, jar solish, o‘zini bechora qilib ko‘rsatish nega?

Shundaylar borki, «a» deganga ham, «b» deganga ham ko‘nmasliklarini, barcha narsadan shubha-gumon qilib, hammani asossiz ayblashdan boshqa narsani bilmasliklarini ko‘p bor ko‘rsatishgan. Vaholanki, barcha o‘zbek tilidagi nashrlar, hatto Moskvadagi mehnat migrantlariga xizmat ko‘rsatuvchi ayrim yuridik firma saytlarida ham vaziyat ochiq-oydin yoritilgan, mehnat muhojirlaridan vatanga qaytmay turish so‘ralgan edi.

Rossiya va Turkiyadagilarni qo‘yaturaylik, Dubay va Londondan chiqish qilganlar ham bo‘ldi. Ularning sharoitlari Rossiyadagi mehnat migrantlarining holatidan farqli ekani aniq. Londondagilar – asosan talabalar, ular vaqtincha ota-onalaridan qo‘shimcha yordam olib turishlari mumkin. Qolaversa, imkoniyati kamroqlarni ham o‘sha yerdagilar o‘z holiga tashlab qo‘yishiga ishonmayman, to‘g‘risi. Chunki ularda ijtimoiy himoya kuchliroq yo‘lga qo‘yilgan, buni barcha e'tirof etadi.

Dubayga aylanishga borganlar-chi? Barcha borishni orzu qiladigan bu shaharga sayohatga borganlar och qoladigan odamlar deb o‘ylaysizmi? Juda taqalib kelsa, bo‘ynidagi tilla zanjiri, soati yoki boshqa biror buyumini, kelgan balo shunga kelsin, deb sotib turishsa ham qiyin davrdan o‘tib olishlari mumkinku? Qiyinchilik kunida yaramasa, unday buyumlar insonning jonidan aziz bo‘libdimi?

Qolaversa, barcha internet saytlarida karantin qoidalari tibbiy jihatdan ham, oyat va hadislar keltirib ham ko‘p bora tushuntirildi. Shundan keyin ham, «bizni obketing - bizni obketing»larning bo‘lishini men tushunmadim, to‘g‘risi.

Sog‘lom va keng fikrli inson ko‘pga kelgan to‘y, qayerda bo‘lsak ham, Yaratganning O‘zi asrasin, shu yerda karantinga rioya qilaylik, deyishi kerak emasmi?

Vatanga keltirilib, 14 kunlik karantindagilar-chi? Kechirasizlar-ku, «bir xonada 5 kishi yotibmiz, 6 kishi yotibmiz» deb norozilik qilish insofdan emas. Rossiyada bir xonada 10 kishi, 20 kishi yotganlarni ham ko‘rdik. O‘sha vaqtda nega ayyuhannos solmadinglar, sharoit yaxshi emas, deb aytadigan odam yo‘q ularga.

Nahotki, biz o‘sha, o‘zimiz faxrlanib tilga oladigan sabrda, shukrda, el boshiga ish tushganda matonatli bo‘lishda o‘rnak bo‘lganlar avlodlari bo‘lsak?! Jilla qursa, ozgina uyalaylik! Barchasi imkon darajasida zudlik bilan amalga oshirilmoqda, mustaqil davlat sifatida ilk bor shunday sinovga duch kelingan ekan, tashkilotchilikda ham shubhasiz, kamchilik-nuqsonlar bo‘lishi tabiiy.

Qolaversa, bu sinov nafaqat O‘zbekiston, yirik davlatlarni ham gandiraklatib qo‘ygani yolg‘onmi? Hatto, rivojlangan G‘arb davlatlarida virusdan vafot etganlarning jasadlarini vaqtincha saqlash joylari yetishmayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Bu davlatlardagilarning birortasi chiqa solib, jar solmayapti-ku? Biz qachon el bo‘lamiz, xalq bo‘lamiz?

Mo‘min-musulmon sabrda, shukrda boshqalarga nahotki o‘rnak bo‘lmasa?

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid