O‘zbekiston | 18:11 / 08.06.2020
12366
20 daqiqa o‘qiladi

Qurilish obektlarini bayramlarga topshirishdan voz kechish kerak – ekspert

Kanadada yashovchi o‘zbek injyeneri Sharofiddin Qaraboyev Kun.uz’ga bergan intervyusida Sardoba falokatini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi nechog‘li shaffof faoliyat olib borayotgani, qurilish obektlarini bayramlarga topshirish an'anasi va SSSRdan qolgan qurilish standartlaridan voz kechish, fojiadan chiqariladigan xulosalar haqida fikr bildirdi.

– Fojia sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi faoliyati, o‘rganish jarayoni qanday kechayotgani haqidagi ma'lumotlar juda ham kam. Sizningcha, komissiya faoliyati shaffof olib borilayaptimi? Minglab uylar vayron bo‘lishiga, o‘n minglab oilalar ko‘chada qolishiga, milliardlab talafotlarga sabab bo‘lgan falokat oqibatlari aslida qanday o‘rganilishi kerak? Komissiya faoliyati haqida jamoatchilikka hisobot berib borishi kerakmi yoki bunga zarurat yo‘q deb hisoblaysizmi? Siz yashayotgan mamlakat – Kanadada bunday falokatlar qay tarzda o‘rganiladi?

– Komissiya ochiq matbuotda o‘z xulosalarini, jarayon qanday borayotganini muntazam ravishda – haftasiga bir marta, oyda ikki marta chiqish qilib, xalqqa bildirib borishi lozim. Kanada kabi rivojlangan davlatlarda bu ish shunday tashkil qilinadi. Komissiyaning ishi shaffof tashkil qilinadi. U yerda e'lon qilish mumkin bo‘lmagan va mumkin bo‘lgan ma'lumotlar bor. Bu haqida hech kim bahslashmaydi, lekin xalq bilishga haqli bo‘lgan ma'lumotlar o‘z vaqtida yetkazib turiladi.

Bu jarayonda jurnalistlarning ham roli ko‘p. Kanadada bunday falokatlar bo‘lgan taqdirda jurnalistlar komissiya a'zolariga tinchlik bermagan bo‘lardi. Kerak bo‘lsa, ish joyiga boradi, ish joyidan topa olmasa, uyiga boradi. Uyidan topa olmasa, yo‘lda ushlaydi, lekin ma'lumot oladi. O‘zbekistonda ham matbuot biroz achchiqlashishi kerak, faqat xorijdagi yoki O‘zbekistondagi mutaxassislar emas, aynan komissiya tarkibiga kirganlar bilan jonli muloqotlar qilishi, ulardan kerakli ma'lumotlarni olishi xalq uchun juda ham muhim.

O‘zbekistonda keyingi davrda bo‘layotgan o‘zgarishlar xalqning anchagina jonlanganini, ma'lumotga chanqoqligini ko‘rsatadi. Men yozgan maqola aslida biroz murakkab, mutaxassislar uchun yozilgan bo‘lsa ham, 200 mingdan ortiq odam qiziqib o‘qigan. Chunki butun xalq fojia sabablarini va sababchilarini bilishni istaydi. Bunda jurnalistlarning roli ham katta bo‘lishi kerak.

– Deylik, to‘g‘on qurilishiga oid barcha hujjatlar, fojiadan keyingi ma'lumotlar sizga taqdim etilsa, masofadan turib bo‘lsa ham falokat bo‘yicha ekspertlik xulosangizni bera olasizmi?

– Shu vatan farzandi sifatida, albatta, foydam tegishini istardim. Shuning uchun ham maqola yozdim, siz bilan suhbatlashyapman. Lekin siz ko‘tarayotgan masala juda ham jiddiy.

Bu yerda ikkita muammo bor. Birinchidan, huquqiy masala. Men Kanadada davlat ishida ishlayman. Ikki davlat o‘rtasida kelishuv bo‘lmagan taqdirda bunday jarayonga aralasha olmayman.

Ikkinchidan, masofadan turib loyiha-smeta hujjatlari, qurilish hujjatlarini o‘zim tekshirib, xulosani bera olamanmi, degan savolga yo‘q degan bo‘lardim. Chunki siz mutaxassis emassiz, u yerda ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan ma'lumotlar, hujjatlar hajmini tasavvur ham qila olmaysiz. Loyiha-smeta hujjatlari bir necha jild bo‘lishi mumkin, bir necha yuz varaq bo‘lish mumkin. Ularning har birini sinchiklab o‘rganishim, injyenerlik hisob-kitoblarimni qilishim shart. Bu yuzaki baho beradigan narsa emas.

Qurilish jarayonida ishlatilgan materiallar sifatini tekshirish bo‘yicha ko‘plab xulosalar bo‘ladi – kim tomonidan tekshirilgan, qanday asboblar ishlatilgan, asbobdagi har bir raqam qanday bo‘lgan, bularning hammasi kunlik, oylik, yillik hisobotlar shaklida tayyorlanadi. Bu juda katta hajmdagi ma'lumot. Ularni ko‘rmasdan, tekshirmasdan turib xulosa berish qiyin.

Juda muhim yana bir jihat. Xulosa beradigan odam, albatta, Sardoba suv omboriga tashrif buyurishi shart. Nega? Qurilish tugagandan keyin inshoot foydalanishga topshiriladi, bu qurilish bitdi, biz xulosani oldik, topshirdik, komissiya qabul qilib olgani to‘g‘risidagi qaror qo‘limizda turibdi, deb o‘ylashlari mumkin. Aslo bunday emas. Davlat komissiyasi bu inshootni qabul qilib olgan bo‘lsa, foydalanishga yaroqli deb topgan bo‘lsa, bu loyihalarning to‘g‘ri bo‘lganini, qurilish jarayonlari to‘g‘ri bo‘lganini bildirmaydi. Bu qabul qilib olgan mutaxassislarning bilimi pastligini bildiradi xolos.

Qurilish 3 yil bo‘ladimi, 10-20 yil keyin bo‘ladimi, albatta, iz qoldiradigan soha. Texnologiya shunchalik rivojlanganki, yerning tubiga 20 metr chuqurlikda beton qoziq kiritilgan bo‘lsa, yer sathida turib shu qoziqning yaxlitligini, biron joyi singanini, shaklini bemalol ko‘rish mumkin, nazorat qilish mumkin.

Bu suv omborining ham bir qismi yer ustida bo‘lsa, bir qismi yer tagida. Buni joyiga borib, qurilishda ishlatilgan materiallarning sifatini tekshirish mumkin. Ya'ni tekshirishlarning bir qismi loyiha hujjatlari, qurilish hujjatlari bilan tanishish bo‘lsa, ikkinchisi investigeyshn – qurilish joyining o‘zida olib boriladigan tekshirish ishlari mavjud. Shularning barchasiga rioya qilinib, umumiy birlashtirgan holda xulosa berish mumkin.

Sharofiddin Qaraboyev

– To‘g‘on o‘pirilishidan jabr ko‘rganlardan biri Kun.uz’ga bergan intervyusida yetti yil davomida qurilgan to‘g‘on yetti yil turib bermadi deb aytgandi. Juda og‘riqli gap. Hali hukumat tomonidan qancha tovon to‘lanishi, zarar qay tartibda qoplanishi aniq bo‘lmagan paytda tushkunlik bilan aytilgan bo‘lsa ham, bu har qanday odamni larzaga soladi. Ma'lumot uchun: Sardobadagi suv ombori qurilishi 2010 yilda boshlangan bo‘lib, 2017 yilgacha davom etgan.

Eng yomoni, tizimdagi muammolar hal etilmas ekan, Sardobadagi fojia oxirgisi bo‘lmasligi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalar qilish kerak deb hisoblaysiz? O‘zbekiston bu falokatdan qanday xulosalar chiqarishi kerak? Yuqorida bunday qurilishlarni amalga oshirishda loyihalash, relefni aniqlashda malakali olimlar jalb etilishi kerakligi haqida bir necha marotaba aytdingiz, balki shunday olimlar O‘zbekistonda yo‘qdir? Balki ta'lim tizimidagi inqiroz bu muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgandir? Islohotni nimadan boshlash kerak?

– Savolga o‘zingiz qisman javob berdingiz, avvalo ta'lim tizimini yaxshilashdan ishni boshlash kerak. Universitetlarda ta'lim darajasini oshirish kerak. O‘quv dasturlarini zamonaviy, rivojlanayotgan davlatlarda qo‘llanilayotgan dasturlarga yaqinlashtirish kerak. Bu zaruriy ishlardan biri.

Misol, Hindiston, Bangladesh, Nepal kabi davlatlarni gapirganda ko‘pchilik qoloq davlatlarni tasavvur qiladi. Lekin aslida bu davlatlardagi universitetlarda Amerikaning darsliklaridan foydalaniladi. Ular injyenerlik sohasini ingliz tilida o‘rganadi.

O‘zbekistonda ham o‘quv dasturlarini yangilash zarurati allaqachon paydo bo‘lgan. O‘quv dasturlarini yangilash bilan oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan kadrlarning malakasini oshirishga erishiladi. Ularning zamonaviy texnologiyalar, asbob-uskunalardan foydalanishi, ular bilan dizayn qilish, loyihalash imkonini beradi.

Suv toshishini modellashtirish, uning qayerga oqishini bilish mumkinmi, degan savol qo‘ydingiz. Bu aslida juda ham primitiv, oson narsa. Hozirgi texnologiyalardan to‘g‘ri foydalanilsa, rivojlanish katta bo‘ladi.

Faqat o‘qitish tizimini yaxshilash bilan qurilish sohasi o‘zgarib qoladimi – yo‘q. Yosh, malakali, bilimli kadrlarni to‘g‘ri vazifa bilan, to‘g‘ri ish bilan ta'minlash, ularni to‘g‘ri lavozimga tayinlash bilan qurilish sohasida o‘zgarishlar qilishga erishish mumkin.

Bundan tashqari, qurilish obektlarin tugatib, topshirishni bayramlarga to‘g‘rilamaslik haqida aytgandim. Chunki bu oddiy mutaxassisga ayon narsa. Qurilish hech qanday bayramlarga bog‘liq emas. Uning o‘z qonun-qoidalari bor. Har bir bosqichda bajariladigan ishning ma'lum muddati mavjud. Muddatni qisqartirish uchun ishga zo‘r berib tezlikni oshirish bilan sifatning pasayishiga erishasiz xolos. Bu tizimli muammo.

Taklifim shundayki, O‘zbekiston butun respublikada bo‘layotgan qurilishlar sur'atini biroz susaytirishi kerak. Biz sondan sifatga o‘tish kerak bo‘lgan nuqtaga yetib bo‘lganmiz. Hozirda aholi yashashi uchun yetarli uy-joy bazasi mavjud. Ishlab chiqarish, sanoat uchun ham binolar mavjud, bo‘sh turganlari ham bor.

Sur'atni biroz pasaytirib, sondan sifatga o‘tish kerak. Ilgari “ura-ura”, mana shu bayramga tugataylik, mana shuncha bino quraylik degan bo‘lsak, endi bitta quraylik, sifatli quraylik degan tamoyilga o‘tishimiz kerak. Shunda mana shunday fojialar bo‘lmaydi. O‘sha yerda yashayotganlar ham o‘zini xavfsiz his qiladi. Bu butun dunyo amal qilayotgan tajriba.

–Siz yashayotgan davlat bo‘lgani uchun so‘rayman. Kanadada ham biron obektni biror bayramga topshirish an'anasi bormi?

– Mutlaqo yo‘q. Bu kulgili holat. Men bu yerdagi hamkasblarimga, do‘stlarimga bu haqida gapira olmayman ham, ochig‘i. Qurilish shunday narsaki, loyihalash, rejalash o‘z yo‘liga, lekin qurilish davomida siz hisobga olmagan xavf-xatarlar yoki qiyinchiliklar yuzaga keladi. Loyihangiz mavjud shart-sharoitga, qiyinchilikka mos ravishda o‘zgartiriladi.

Misol sifatida aytishim mumkin, bugungi kunda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan yirik inshootlarni qurish, yirik loyhilarni boshqarish bilan shug‘ullanaman. Deylik, ikki yilga mo‘ljallangan loyihamiz ikki yilda tugamasligi mumkin.

O‘tgan yili bo‘lgan voqea. Ma'lum ob-havo sharoiti tufayli loyihani tugatish lozim deb topilmadi. Bu yerda asosiy qarorni men beraman. Menga biron vazir yoki davlat amaldori bosim o‘tkazgani yo‘q, aksincha, mening fikrim bilan hisoblashgan holda – siz nima desangiz shu, siz bu sohaning mutaxassisisiz, istasangiz bu yil tugating, istasangiz keyingi yil tugating, buning davlat uchun muammoli joyi yo‘q, deyishdi. Albatta, agar men o‘sha yerda sifatni nazarda tutmaganimda obekt bemalol bir oy ichida tugatilardi, tantanalar bilan topshirilardi. Bu bilan men mukofot ham olmayman, bajarmaganligim uchun jazolanmayman ham. Eng muhimi, inshootning sifati va xavfsizligi. Yomg‘ir mavsumi erta boshlandi. Namgarchilik bo‘lgandan keyin qurilishni to‘xtatishga majbur bo‘ldim. Buni chiroyli qilib isbotlab, tushuntirib berganimdan keyin hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q.

O‘zbekiston ham shunday yo‘l tutishi kerak. Bu bayramga bo‘lmasa, keyingisiga bo‘lar. Unga ham bo‘lmasa, oddiy ish kuniga bo‘lar. Eng muhimi, xavfsiz va sifatli inshootlarni qurish. Bu mamlakat va xalqning turmushini yaxshilashga xizmat qiladi, degan umiddaman.

– Bu so‘zlardan ko‘rinadiki, ma'muriy-buyruqbozlikdan voz kechishimiz kerak. Har bir ish o‘z ustalariga qo‘yib berish kerak ekan. O‘zbekistonda qurilish deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga korrupsiya keladigan bo‘lib qolgan. Qurilishni korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish mumkinmi? Qurilish sifati qanday nazorat qilinishi kerak? Bu borada Kanadada ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgan? Bizdagi muammolar nima uchun u yerda kuzatilmaydi?

– Qurilishdagi korrupsiya bo‘yicha menda aniq ma'lumotlar yo‘q, men izoh bera olmayman. Faqat taxminlar qilishim mumkin. Korrutsiyaning oldini olish uchun eng yaxshi mexanizm bu shaffoflik, ochiqlik. Kanadada loyiha qiymati 25 ming dollardan oshsa, shaffof, ochiq tenderlar asosida o‘tkaziladi.

Bilsangiz, 25 ming dollar Kanada uchun yoki uning biror provinsiyasi, korxonasi uchun juda ham arzimagan mablag‘. Shunday bo‘lsa ham, tanish-bilishchilik, korrupsiyaning oldini olish uchun ochiq tender orqali qilinishi shart, deb qonunda belgilangan. Kanadada shunga rioya qilinadi. 

Tenderda kimga berishni ham hech qachon bitta inson hal qilmaydi. U yerda ishchi guruh tuziladi, ular turli soha vakillari bo‘lishi mumkin. Ular ish va qarindosh-urug‘chilikni aralashtirmaydigan insonlar. Ular bir-birini tanisa-da, hamkorlik qilish imkoniyati bo‘lmagan insonlardan tashkil topadi. Birgalikda ko‘rib chiqib, xulosa beriladi. Asosan bu xulosalar to‘g‘ri bo‘ladi, loyihalar eng sifatli va arzon quradigan kompaniyalarga beriladi.

Kanadada sifat qanday nazorat qilinadi? U yerda sifat va xavfsizlik masalasi eng yuqori nuqtaga olib chiqilgan. Har qanday qurilishda birinchi navbatda sifat, ikkinchi navbatda xavfsizlik turadi. Bu kabi yirik inshootlar qurilishi uchun, uning sifatini nazorat qilish uchun maxsus injyenering kompaniyasi jalb qilinadi. Bular uchinchi tomon, na buyurtmachiga, na ijrochiga aloqasi bor kompaniyalar bo‘ladi. Ular betaraf, ishini xolis bajaradi.

Bir suhbatda eshitganim, O‘zbekistonda 4 darajali sifat nazorati mavjud, deb aytildi. Ya'ni birinchisi loyihachi tomonidan qilinadigan nazorat. Ikkinchisi, texnik nazorat, aynan qurilish olib boriladigan joyda tekshirish olib boradigan insonlar. Uchinchisi davlat komissiyasi, ular qabul qilishadi. To‘rtinchisi, pudratchining sifatni tekshiradigan o‘z xodimlari tomonidan amalga oshiriladi, deyildi.

Men uchun bu masala biroz chigal tuyuldi. To‘rt darajadagi nazorat tizimi bir-biriga konflikt, kelishmovchilik keltirib chiqarmaydimi? Loyiha va qurilish sifatiga alal-oqibat qaysi biri javobgar huquqiy tomondan? Biz yaxshi tekshirdik, ular yaxshi tekshirmagan, degan narsalar kelib chiqmaydimi?

– Bu tizim go‘yoki jabrdiyda odamlarni topish, shunaqa holatlar yuz berganda kimnidir javobgar qilish uchun o‘ylab topilganga o‘xshaydi-ya?

– Shunday degan bo‘lardim. Nazoratchi ko‘paysa, javobgar odam bo‘lmaydi. Nazoratchi qancha ko‘p bo‘lsa, javobgarni topish murakkablashadi. Kanadada bu tizim juda ham sodda. Sifat nazorati va sug‘urta nazorati degan narsa bor. sifat nazoratida pudratchi uchinchi tomon – injyenering-konsalting kompaniyalarni jalb qiladi. U loyihachi yoki shu sohaga mos boshqa kompaniya bo‘lishi mumkin. Va buyurtmachining o‘zining sifatni nazorat qilish tizimi, bo‘ldi. Boshqalar rol o‘ynamaydi. Ikkisining faoliyati yetadi. Sifatni nazorat qiluvchi uchinchi tomon mutaxassislari va texnologiyalari bilan sifatni nazorat qiladi.

Misol uchun, katta inshoot quryapsiz – 30 qavatli bino. Unda temir-armatura ishlatiladi. Temir-armaturalar bir-biriga payvandlab ulanadi. 30 qavatli binoda yuz minglab payvandlangan nuqtalar bor. Har bir nuqta 3-4 xil usulda tekshiriladi. Ximikatlar yordamida payvand nuqtalari orasida bo‘shliqlar qolgan-qolmagani tekshiriladi. Yaxlitligini buzmagan holda rentgenga o‘xshagan qurilmalar bilan payvand sifati tekshiriladi.  

Har bir nuqta uchun raqamlar beriladi, muammo bo‘lganda, qaysi payvand nuqtasidan muammo chiqqani ko‘riladi. Kim u yerni payvandlaganini topish mumkin bo‘ladi. Men hali loyiha mualliflari haqida gapirmayapman. Oddiy ishchilarning xatosini topish ham juda oson. Sifat shu darajada nazorat qilinadi.

Faqat fojia ro‘y bergandan keyin chora-tadbirlar ko‘rish emas, fojialarning oldini olish to‘g‘risida chuqur o‘ylab ko‘radigan islohotlar o‘tkazish vaqti keldi. Sondan sifatga o‘tish nuqtasidamiz. Qurilish davom etayotgan obektlarda qurilish sur'atini pasaytirib, asosiy e'tiborni sifatga qaratish kerak.

Ikkinchi masala, o‘quv yurtlarida muhandislar tayyorlash dasturlarini yangilash, ta'lim sifatini oshirish kerak bo‘ladi. Malakali kadrlarni o‘z joyiga tayinlash, har bir sohani o‘z professionali boshqarishiga yo‘l berish kerak. Iqtidorli, bilimli yoshlarga yo‘l berish kerak.

Bundan tashqari, injyenerlik kasbi nufuzini yuqoriga ko‘tarish kerak. Kanadaga birinchi kelganimda bu yerda injyenerlarning nufuzi naqadar balandligini ko‘rib, taajjublanganman. Bu holat O‘zbekistonda ham bo‘lishi kerak. Injyenerlar loyihalashdan boshlab, qurilishgacha sifatni nazorat qilishda, bitgan obektlarni qabul qilishda asosiy insonlardan bo‘lishi kerak. Amaldorlarning ko‘rsatmalari bilan emas, mutaxassislar tavsiyalari asosida qarorlar chiqarishni o‘rganishimiz kerak.

O‘zbekistonda strategik, yirik loyihalarni boshqarish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni tashkil qilish shart. Bu loyihalarni boshqarish ham bir san'at. Mutaxassis amal qilishi kerak bo‘lgan bilim va qoidalar ko‘p. Loyihalarni professionallar bajarsa, kelajakda bunday xatolarga yo‘l qo‘yishdan saqlanamiz, bular qurilish sifatini yaxshilashga, bitgan inshootlarning xavfsizligini ta'minlashga, ularning amal qilish muddatini oshirishga erishamiz.

Shaffof tenderlar o‘tkazish muhim o‘rin tutadi. Buni ham tashkil etish shart. Korrupsiya, tanish-bilishchilikning oldini oladigan eng oddiy, eng ishonchli yo‘llardan biri shu.

Qisqasi, O‘zbekiston hukumati qurilish vazirligi faoliyatini va qurilish sohasini isloh qilishi shart. Agar O‘zbekistonda yetarli mutaxassislar bo‘lmasa, chet eldan kerakli kadrlarni chaqirib, ularning bilimidan foydalanish mumkin.

O‘zbekistonda qurilish standartlari qaysi davrga xos ekanligini bilmayman. Bu SSSRdan qolgan standartlar bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ularni xorij tajribasi bilan taqqoslab, o‘rganib chiqish, zarurat bo‘lsa, standartlarni yangilash ham sohada sifatni oshirishga imkon beradi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzuga oid