– «Sardoba» fojiasi ro‘y berganiga ham bir oydan oshdi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Mazkur ishga aloqador bo‘lgan ikki kishi allaqachon hibsga ham olindi. Tergov jarayoni davom etmoqda.

Fojia sabablari hukumat tomonidan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan ham o‘rganilmoqda. O‘zingizning ta'biringiz bilan aytganda, masalaning bu tarafini mutasaddilarga qo‘yib beraylik-da, siz bilan fojiani yuzaga keltirgan omillar haqida gaplashsak.

Kun.uz’da e'lon qilingan maqolangizda suv omboridagi falokatga loyihalash jarayonidagi xatolar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bayon qilgansiz. Ammo biz suhbatlashgan mutaxassislar loyihalarda, odatda, hisob-kitoblar ortig‘i bilan ko‘zda tutilishi, fojiaga katta ehtimol bilan qurilishdagi xatolar sabab bo‘lganini aytishdi. Bu fikrga qo‘shilasizmi? Falokat loyihalash chog‘idagi xatolar tufayli sodir bo‘lgani mutaxassis sifatidagi taxminingizmi yoki qo‘lingizda bu borada qandaydir ma'lumotlar bormi?

Albatta, men O‘zbekistondagi har bir mutaxassis fikrini hurmat qilaman. Balki ular loyiha jarayonida xatoliklar bo‘lmasligini aytishganida qo‘llarida shunga yarasha ma'lumot, asos bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ularning fikriga qarshi chiqmoqchi emasman. Biroq o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, loyihalash davri juda murakkab jarayon hisoblanadi.

Kanadada bo‘lganim uchun dunyodagi juda mashhur, nomdor injyenering-konsalting firmalari bilan hamkorlik qilaman. Ular shu darajada mashhurki, boshqa ko‘p davlatlarda o‘z ofislariga ega. Shunday bo‘lsa-da, ular tayyorlagan loyihaning sifatini, standartlarga mos kelishini kimdir tekshirishi kerak. Men shunday ish bilan shug‘ullanaman. Bunday firmalar loyihaning birinchi xomaki varianti tayyor bo‘lgach, bizga yuborishadi. Hatto o‘sha nomdor injyenering kompaniyalarining ham ishida o‘nlab, ba'zida undan ham ko‘p xatolar topiladi. Biz esa xatolarni sharhlagan holda ularga qaytaramiz. Firmalar ular ustida ishlashga, kamchiliklarini to‘g‘rilashga yana kamida 3-4 oy vaqt sarflaydi.