Jamiyat | 23:43 / 11.06.2020
28300
3 daqiqa o‘qiladi

TDYuU magistraturasiga qabul bo‘yicha yangiliklar ma’lum qilindi

Bu yil Yuridik universiteti magistraturasiga 150 nafar talaba qabul qilinadi. 1 iyuldan 30 iyulgacha hujjat topshirish mumkin. Imtihonlar 5-25 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

11 iyun kuni yuridik ta’limdagi qabul yangiliklariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov yuridik yo‘nalishda magistratura bosqichi qabuliga oid yangiliklarni sanab o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilda Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura bosqichi uchun 150ta kvota ajratilishi rejalashtirilgan.

Qabul quyidagi 8ta yo‘nalish bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi:

  • davlat boshqaruvi huquqi
  • jinoyat qonunchiligini qo‘llash nazariyasi va amaliyoti
  • biznes huquqi
  • advokatlik faoliyati
  • xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish
  • mehnat huquqi
  • intellektual mulk va axborot texnologiyalari huquqi
  • sport huquqi

TDYuU rektorining qayd etishicha, magistratura yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazi sayti orqali 1-30 iyul muddat oralig‘ida hujjat topshirishi mumkin.

«Alohida ta’kidlash joizki, oldin magistraturaga qabul imtihoni Toshkent davlat yuridik universitetida yozma ish tarzida olingan. Bu borada ko‘p o‘yladik va obektivlik bo‘lishi uchun barcha imtihonlarni DTM orqali olinishini rejalashtirdik.

Onlayn hujjat topshirishda fuqarolik pasporti, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom yoki diplomdan ko‘chirma, agar mavjud bo‘lsa, imtiyoz taqdim etuvchi hujjat talab etiladi», – dedi Rahim Hakimov onlayn brifingda.

Ma’lum bo‘lishicha, magistratura imtihonida mutaxassislik fanlarining har biridan 50tadan savol bo‘ladi va ularning har biriga 3,1 balldan beriladi. Fan doirasida jami to‘plash mumkin bo‘lgan natija – 155 ballni tashkil qiladi.

Chet tili fanidan esa 25ta savolning har biri 2,1 balldan baholanadi. Fan doirasida jami 52,5 ball to‘planishi kerak.

Maksimal ball esa 207,5 ballga teng.

«Chet tili imtihonidan imtiyoz olish uchun CEFR milliy sertifikati bo‘yicha B2 va undan yuqori, IELTS sertifikati bo‘yicha 6 ball talab etiladi, bunda yozish ko‘nikmasi ham 6 va undan yuqori bo‘lishi kerak. TOEFL sertifikati 78 ball va undan baland bo‘lishi talab etiladi. Boshqa tillar bo‘yicha ham darajalar B2 va undan yuqori darajada bo‘lishi kerak», – deya Rahim Hakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta’kidlanishicha, magistratura imtihonlari 5-25 avgust kunlari keng sig‘imli pavilonlarda o‘tkaziladi.

To‘plangan natija ertasi kuniyoq, magistraturaga tavsiya etilgan yoki yo‘qligi bir hafta ichida aniq bo‘ladi.

Mavzuga oid