Jamiyat | 09:43 / 11.06.2020
13845
7 daqiqa o‘qiladi

Yuridik universitet magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi o‘zgarishi mumkin

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga ayrim toifadagi abituriyentlarni kirish test sinovlarisiz qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar inobatga olinadi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) magistraturasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilinadi;

masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda qabul qilinadi;

bazaviy oliy yuridik ma’lumotga hamda davlat hokimiyati va markaziy boshqaruv organlarida yuridik yo‘nalish bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbar xodimlarni TDYuU magistraturasiga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qishi uchun qabul qilish tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga ko‘ra, kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi;

“Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilarni TDYuU magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng TDYuU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi akademik litseyda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilish tartibi joriy etiladi;

bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida uch yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar TDYuU magistraturasiga kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng taqsimot bo‘yicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, yuridik texnikumlarda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini olgan holda o‘qishga qabul qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari bilan taqdirlangan abituriyentlar TDYuU magistraturasiga davlat granti asosida umumiy o‘qishga qabul qilish parametrlari doirasidan tashqari tanlangan magistratura mutaxassisligi bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos kelgan taqdirda, test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilinadilar.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat test markazining veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda o‘n besh kun muddatda TDYuU magistraturasiga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarining O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishini ta’minlaydi.

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan Toshkent shahridagi katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi.

Test sinovlari har yili avgust oyining 5-25 sanalari oralig‘ida, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Test sinovlarini o‘tkazishning aniq sanasi va joyi Davlat test markazi tomonidan TDYuU bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Abituriyentlar qabul komissiyasi tomonidan belgilangan mutaxassislik va chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fanlari bo‘yicha test sinovini topshiradi.

Test topshiriqlari kitobi 75 ta savolni o‘z ichiga oladi. Bunda abituriyentlarning tegishli fanlar bo‘yicha bilimlarini aniqlash yuzasidan test topshiriqlari mutaxassislik fanlaridan 50 tani, chet tili bo‘yicha 25 tani tashkil etadi.

Abituriyentga test topshiriqlarini bajarish uchun javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birgalikda quyidagi vaqt me’yorlari belgilanadi:

50 ta savolga – 1 soat 40 daqiqa;

75 ta savolga – 2 soat 30 daqiqa.

Test sinovlari bo‘yicha abituriyent olishi mumkin bo‘lgan maksimal ball 207,5 ballni tashkil etadi va u test sinovlari o‘tkaziladigan fan bo‘yicha quyidagicha taqsimlanadi:

mutaxassislik fanlari bo‘yicha – 155 ball (har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 ball);

chet tili – 52,5 ball (har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 ball).

Chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi V2 (bunda writing modulidan kamida 18 ball) va undan yuqori darajadagi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatlardan IELTS (International English Language Testing System) bo‘yicha 6.0 ball (bunda writing modulidan kamida 6.0 ball) va undan yuqori, TOEFL IBT (Test of English as a Foreign Language) bo‘yicha 78 ball (bunda writing modulidan kamida 21 ball) va undan yuqori yoki TestDaF (Test Deutsch als Fremdsprache für ausländische Studienbewerber) bo‘yicha TDN4 va undan yuqori, Test de Connaissance du Français (TCF) bo‘yicha 450 ball va undan yuqori, Diplôme d'Etudes en Langue Française (DELF) B2 va undan yuqori darajasiga ega abituriyentlar chet tili fani bo‘yicha test sinovini topshirishdan ozod qilinadilar va ularga shu fan doirasida abituriyent olishi mumkin bo‘lgan maksimal ball qo‘shiladi.

Abituriyentlarning to‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida, tanlov asosida talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumot test sinovlari to‘liq yakunlanib, Davlat komissiyasi qarori qabul qilingandan so‘ng e’lon qilinadi.

Mavzuga oid