O‘zbekiston | 11:29 / 18.12.2020
21435
5 daqiqa o‘qiladi

SSVda yangi vazir kelgach 7 hududda boshqarma boshliqlari almashdi

2020 yilning noyabr oyi boshida Abduhakim Hojiboyev O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga aylangach, tizimda 7 hududda boshqarma boshliqlari o‘zgardi.

17 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyruqlari bilan Andijon, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida sog‘liqni saqlash boshqarmalariga yangi boshliqlar tayinlandi.

Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avaz Hoshimovich Abdurahmonov lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga shu vaqtgacha Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi vazifasida ishlab kelgan Salohiddin G‘ulomjonovich Yusupov tayinlandi.

Salohiddin Yusupov

Salohiddin Yusupov muqaddam Andijon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari kabi lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.

Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Boboxon Shukurov lavozimdan ozod etilib, uning o‘rnini shu vaqtgacha Surxondaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi lavozimida ishlab kelgan Komil Murtazoyevich Abdivohidov egalladi.

Komil Abdivohidov

Komil Abdivohidov muqaddam Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filiali direktori, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i va boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari kabi lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.

Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Kupalbay Tangriberdiyev lavozimdan ozod etilib, Inoyat Sa'dullayevich Hajiyev boshqarmaning yangi boshlig‘iga aylandi.

Inoyat Hajiyev

Inoyat Hajiyev o‘z faoliyati davomida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a'zosi, keyinchalik yangi tashkil qilingan Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining raisi kabi mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Xorazm viloyati filiali  rahbari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, Abdilxodi Muhiddinovich Iminov Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bu lavozimda Solijon Mo‘minovning o‘rnida ish boshladi.

Abdilxodi Iminov

Abdilxodi Iminov o‘z faoliyati davomida Namangan shahar 1-conli oilaviy poliklinikasi bosh vrach o‘rinbosari, Namangan shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi bosh vrachi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan, shu kungacha Namangan shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Noyabr oyi oxirida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali direktorligiga o‘tkazilgan, filialning sobiq direktori Ravshan To‘lakov esa uning o‘rniga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi.

Ravshan To‘lakov

3 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov lavozimini tark etgan va uning o‘rnini vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Abduhakim Hojiboyev egallagandi.

6 noyabr kuni prezident qarori bilan Anvar Valiyevich Alimov Cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U bir vaqtning o‘zida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i ham hisoblanadi.

Anvar Valiyevich Alimov

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga 2019 yil iyunidan rahbarlik qilgan Botirbek Isabekov 2020 yil avgust oyida lavozimidan ozod etilgandi. O‘shandan keyin boshqarma rahbari lavozimi bo‘sh turgandi.

9 noyabr kuni esa Murad Ismailovich Qurbanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi.

Murad Qurbanov

U oktabr oyi oxirida sog‘ligidagi muammo tufayli o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan Otajon Hamroyev o‘rnida ish boshladi.

Mavzuga oid