O‘zbekiston | 14:56 / 19.01.2021
20596
2 daqiqa o‘qiladi

Forish tumanida ham hokim o‘zgardi

Jizzax viloyati Forish tumani hokimi Abduvali Mustanov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

19 yanvar kuni Jizzax viloyati Xalq deputatlari Forish tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tib, unda prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev va viloyat hokimi Ergash Soliyev ishtirok etdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilishicha, sessiyada viloyat hokimi so‘zga chiqib, Forish tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Abduvali Mustanov boshqa lavozimga o‘tgani munosabati bilan tuman hokimi lavozimiga Ikrom Sindorovich Matiyev nomzodini tavsiya etgan. Ushbu taklif deputatlar tomonidan ma'qullangan.

Ikrom Matiyev shu vaqtgacha viloyatning Yangiobod tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, Abduvali Mustanov muqaddam Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan, 2018 yildan buyon Forish tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi. U qaysi ishga o‘tgani haqida ma'lumot yo‘q.

Abduvali Mustanov murojaatchilar qarshisida

Shu tariqa, kun davomida Jizzax viloyatining uch tumanida rahbar o‘zgardi. Bungacha Mirzacho‘l tumaniga Sherzod Ahmedov, Zafarobod tumaniga Nodirbek Rajapov hokim bo‘lgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid