O‘zbekiston | 22:28 / 26.02.2021
17726
7 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlarga har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha vazifalar belgilandi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni o‘qitish, ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka jalb etish, uy-joy muammolarini hal qilish, sog‘lig‘ini asrash bo‘yicha yangi choralar ko‘riladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan selektor o‘tkazdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, bugungi kunda 1 400 ga yaqin ayol respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda.

Talabalarning 48 foizi – xotin-qizlar. O‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan tizimga muvofiq, 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz OTMga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish maqsadida «ayollar daftari» joriy etildi. Bu daftarga 9 ta mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirildi. Bugungi kungacha ularning 80 mingining muammolari hal etilgan, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda ayollarni ish bilan ta'minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy va psixologik yordam qamrovini kengaytirish, oilaviy ajralishlarning oldini olish choralari muhokama qilindi.

«Eng og‘ir, murakkab masalalarimiz ayollar bo‘yicha. Xalqimizning talabi o‘sib boryapti. Biz shu talablarga munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Buni chuqur his qilmagan odam rahbar bo‘lib ishlolmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Oliy Majlisga murojaatida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qilgandi.

Shu kunlarda Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida shu kengash tuzildi. Kengash xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasbiy ko‘nikmalar egallab, munosib ish topishlariga ko‘maklashish, salomatligini saqlash, uy-joy masalalarini hal etish borasida tizimli ish olib borishi zarur.

Hokimlar va sektor rahbarlariga «ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini hal qilish, tikuvchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, parrandachilik va ekin maydonlaridan yer ajratish orqali ularning bandligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasiga tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan «ayollar daftari»dagi 70 mingga yaqin xotin-qizlarni biznes va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish vazifasi topshirildi.

Davlat rahbari bu borada nodavlat tashkilotlar xotin-qizlarga eng yaqin ko‘makchi bo‘lib kelayotganini, bunday muassasalarga joy ajratib, grantlar berish kerakligini ta'kidladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tayotgan har bir tumandagi kollejlarning bo‘sh turgan qismini o‘quv xonasi va ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun tadbirkorlarga 30 yilgacha muddatga imtiyozli ijaraga berish vazifasi qo‘yildi. Bunga Bandlik jamg‘armasidan 70 milliard so‘m ajratiladi.

Shuningdek, 70 mingga yaqin xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun Xalq banki orqali 2 trillion so‘m kredit yo‘naltiriladi.

«Oliy ma'lumotli bo‘lishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ya'ni ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning shartnoma to‘lovi hokimlik va oliy o‘quv yurti hisobidan qoplab beriladi

Bu – yangi tizim. Ilgari bunday qilolmasdik. Endi imkoniyat bor», – dedi prezident. 

Yig‘ilishda ayollar salomatligini saqlash masalalari haqida ham so‘z bordi. Joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda tibbiy xizmatlar sifati talab darajasida emasligi aytildi.

Misol uchun, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ish yoshidagi ayollarning 30 foizida kamqonlik aniqlangan. Bundan tashqari, xotin-qizlar o‘rtasida nafas olish, hazm qilish a'zolari, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari ham ko‘p.

Shu kabi, tibbiy yordamga muhtojligi aniqlangan 44 ming nafar xotin-qizlarni alohida nazoratga olib, tibbiyot brigadalariga biriktirish, tor doiradagi shifokorlarni jalb qilgan holda, ularni davolash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Joriy yil yakuniga qadar qariyb 9 million ayolni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan, jumladan, saraton skriningidan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Onkologik kasalliklarni profilaktika qilish maqsadida 323 ming nafar qizlar odam papillomasi virusiga qarshi emlanishi aytildi.

Ehtiyojmand ayollarning davolanishi uchun har yili Xotin-qizlar jamg‘armasiga qo‘shimcha 30-50 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini kengaytirish, jismoniy tarbiya va raqs to‘garaklarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Ayollarning O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarini, sanatoriylarda davolanishini tashkillashtirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Yolg‘iz ayollarning farzandlarini maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilish va to‘lovlarini qoplash borasida ham yengilliklar beriladigan bo‘ldi.

Selektorda uy-joy masalasi ham muhokama qilindi. Oilaviy ajrashishlar, ishsizlik, yetishmovchilik oqibatida uyga muhtoj bo‘lib yashayotgan ayollar hali ham ko‘p. So‘nggi yillarda minglab muhtoj ayollarga yangi turar joylar topshirildi. Qolaversa, kam ta'minlangan xotin-qizlar uy olishi uchun boshlang‘ich badal pulini to‘lab berish tizimi joriy etilgan.

Videoselektorda bu dolzarb masala bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Vaqtincha noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy bilan ta'minlash uchun har bir hududga 10 milliard so‘mdan, otasidan ayrilgan muhtoj qizlar manfaati uchun 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi aytildi.

Bu mablag‘lar uy-joyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, xotin-qizlarga turar joy ijarasi kompensatsiyasi uchun 11 milliard so‘m ajratiladi.

Ayollarga, shu jumladan, tazyiqqa uchraganlarga malakali psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Xotin-qizlarning davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, o‘z sohalarida erishgan yutuqlarini rag‘batlantirish uchun alohida davlat mukofotini ta'sis etish taklifi ilgari surildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlar va xotin-qizlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Mavzuga oid