Yig‘ilishda prezident O‘zbekistonda «mahallabay» tizimni, yoshlar va ayollar daftarlari qanday ishlashini tushunmagan rahbar endi ishlay olmasligini ma'lum qildi.
«Xalqimizning qariyb yarmini, ya'ni 17 millionga yaqin aholini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Lekin barcha ayollarga ham jamiyatda o‘rnini topishi uchun munosib sharoit, imkoniyat yaratib bera olyapmiz-mi? Afsuski, yo‘q.
O‘tgan ikki yilda 116 mingga yaqin ayollar o‘z tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatgan. Qishloq joylarida, olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati talab darajasida emas. Masalan, mamlakatimizda har yili 3,5 mingdan ortiq ayollar ko‘krak bezi saratoni, 1,5 mingga yaqin xotin-qizlar ayollarga xos kasalliklaridan vafot etmoqda», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Davlat rahbari ajrimlar soni ham yuqoriligicha qolayotganiga to‘xtalgan.
«O‘tgan 2020 yili respublikada ajrimlar soni 28 mingdan ortgan. Qashqadaryoda – 2 ming, Xorazmda – 1,1 ming, birgina Romitan tumanida – 110ta ajrim qayd etilgan. Er-xotin o‘rtasidagi doimiy janjal, xiyonat, kuch ishlatish va migratsiya ajrimlarning 70 foiziga sabab bo‘lmoqda.
Eng achinarlisi, ayollarni xo‘rlash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish hamda omma oldida «sazoyi» qilish holatlari oddiy holatga aylanib bormoqda. O‘tgan yili 15 mingga yaqin xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan.
Shu bilan birga, o‘tgan yillarda 480 mingga yaqin xotin-qizlar uzoq muddatga xorijga ishlash uchun ketgan bo‘lib, hozirda ularning farzandlariga oid ma'lumotlar hech qaysi idorada mavjud emas», deydi davlat rahbari.










