Jamiyat | 20:08 / 08.04.2021
10000
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda daraxtlar kesilmoqda – aholi bundan norozi

Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi ko‘p qavatli uylar atrofida daraxtlar kesilmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga o‘sha hududda istiqomat qiluvchi aholi vakillari ma'lum qilishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ko‘p qavatli uylar orasida 15-20ta daraxt qolgan bo‘lib, shundan 8tasini kesmoqchi bo‘lishgan. 2ta daraxtni yiqitishgan va norozi bo‘lgan aholiga quyidagi hujjatni ko‘rsatishgan.

Hujjatda hududdagi 20ta daraxtdan 16 tupi zararlangan qurish holatida deb ko‘rsatilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu hujjat daraxt kesish uchun asos bo‘la olmaydi. Daraxtlar zararlangan deb topilgan holatda ham Chirchiq shahar hokimligi tomonidan imzolangan ruxsatnoma taqdim etilsagina kesishga ruxsat beriladi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrda qabul qilingan 290-sonli qarorida ma'lumot berilgan.

Kun.uz muxbiri shunday ruxsatnoma haqida ma'lumot olish maqsadida Chirchiq shahar hokimligiga qilgan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

  • Eslatib o‘tamiz, yaqinda Toshkent viloyatiga amalga oshirilgan tashrifda davlat rahbari Chirchiqdagi ahvoldan tashvishda ekanligini bildirgan edi.
  • Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan.
  • Noqonuniy daraxt kesilishi haqida xabar bergan fuqarolarga pul to‘lanishi haqidagi taklif tez orada qonunchilikka kiritilishi kutilayotgani aytilgan edi.
  • 2020 yilning o‘zida Toshkent viloyatida daraxtlar noqonuniy kesilishi oqibatida tabiatga 1,1 milliard so‘m zarar yetkazilgan.

Mavzuga oid