O‘zbekiston | 22:39 / 13.04.2021
18809
3 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchida maktab o‘qituvchisi kaltaklagani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 134-maktabda o‘quvchiga 2 baho qo‘ygan o‘qituvchining kaltaklanishi bo‘yicha uch nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kun.uz bu voqea haqida 11 aprel kuni xabar berib, zo‘ravonlar maktab direktori o‘rinbosarining o‘g‘illari ekanini ma'lum qilgandi. Ayni paytda o‘rinbosar ishdan bo‘shatilgan.

Tuman prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, gumondorlar – J.O., N.O. va X.B. Chiroqchi tumani Umakay mahallasida yashaydi. Ular 6 aprel kuni soat taxminan 12:30da shu mahallada joylashgan 134-maktab hududida, «guyoki ukasi – shu maktabdagi 6-«A» sinf o‘quvchisi M.Oga asossiz qoniqarsiz ikki baho qo‘yilganini bahoni qilib», o‘qituvchi Shohnur Oqqo‘ziyevning yuziga bir necha marta qasddan urib bezorilik qilgan.

Holat yuzasidan tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi 12 aprel kuni JKning 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Voqeaga Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi e'tibor qaratib, o‘qituvchilar faoliyatiga noqonuniy aralashuv jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirgan edi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, vazirlik alohida bildirish e'lon qilib, o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatiga bu kabi noqonuniy aralashuvlar jazosiz qolmasligini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, ingliz tili o‘qituvchisi Shohnur Oqqo‘ziyev Kun.uz muxbiriga voqea tafsilotlarini hikoya qilib bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u 2 baho qo‘ygan o‘quvchi darsdan keyin kelib, uni akasi chaqirayotganini aytgan; tashqariga chiqqanida esa uni bir necha kishi kaltaklay boshlagan.

«Ikki baho qo‘ygandim, shunda ham jurnalga qo‘ymagandim. Bunday xafa bo‘ladi deb o‘ylamagandim.Uydagilari sal tergarmikan deb o‘ylagandim. Hozir ahvolim ancha yaxshi bo‘lib qoldi. Boshim, oyog‘im va belim ozroq og‘riyapti, xolos», degandi shifoxonada davolanayotgan o‘qituvchi 11 aprel kuni Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasi neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Soatmurod Temirovga ko‘ra, bemor olib kelinganida chap ko‘zining atrofi shishgan va ko‘kargan holatda bo‘lgan.

Chiroqchi tuman XTB mudiri Farhod Jumanovning Kun.uz'ga bildirishicha, voqeadan keyin zo‘ravonlarning otasi – shu maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy va o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan N. o‘z arizasiga ko‘ra ishdan olingan.

Direktor esa maktab psixologi, qorovuli va yoshlar yetakchisini ishdan bo‘shatganini aytgan.

Mavzuga oid