O‘zbekiston | 17:11 / 24.04.2021
5953
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda go‘daklar va onalar o‘limi ko‘paygan – Senat

Senatning 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida 2020 yil avvalgi yilga nisbatan go‘daklar o‘limi 428taga, onalar o‘limi 10taga oshgani ma'lum qilindi.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Senat axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2020 yili go‘daklar o‘limi 6 860tani, onalar o‘limi 155tani tashkil etgan. Vaholanki, 2019 yilda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 6 432ta va 145ta bo‘lgan.

Bir yil ichida go‘daklar o‘limi 428taga, onalar o‘limi esa 10taga ko‘paygan. Rasmiy relizda ushbu holatga respublikada reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari ijrosini ta'minlashdagi kamchiliklar sabab bo‘lgani keltiriladi.

Avvalroq, Elmira Bositxonova onalar o‘limining 45-50 foizi homilador ayollarning o‘z sog‘lig‘iga e'tiborsizligi va shifokorga kech murojaat qilishi bilan bog‘liq ekanini aytgandi.

«Oila» markazi direktor o‘rinbosari Dilbar Alimjonova bundan rosa ikki yil muqaddam BMT sessiyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda onalar o‘limi 1990 yilga nisbatan 55 foizga kamayganini ta'kidlagandi.

O‘zbekistonda onalar va go‘daklar o‘limi kamaymayotgani, aksincha yildan yilga o‘sib borayotgani Senatning 2018 yilgi yalpi majlisida ham ko‘tarilgan.

Mavzuga oid