O‘zbekiston | 11:31 / 28.05.2021
3332
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalqaro moliya institutlaridan 200 mln dollar qarz jalb qiladi

Olingan kreditning 35 mln dollari tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilishga sarflanadi.

O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashish maqsadida Osiyo taraqqiyot bankidan 100 mln dollar, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan 100 mln dollar qarz jalb qiladi. Bu 27 may kuni qabul qilingan prezident qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, qarzlar 10 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oladi va 30 hamda 40 yilda qaytarish sharti bilan beriladi.

Qayd etilishicha, olingan mablag‘larga texnika va jihozlar, tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari sotib olinadi, obektlarda qurilish-ta'mirlash ishlari bajariladi.

Xususan, 2021 yil 1 oktyabrga qadar respublikada tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun 1000 ta tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari xarid qilinadi.

Osiyo taraqqiyot bankidan ajratiladigan kreditning 35 mln AQSh dollari tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari xaridi uchun yo‘naltiriladi.

Qarorda belgilanishicha, mazkur kreditlar bo‘yicha qarzni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, komission va boshqa xarajatlar bo‘yicha to‘lovlar respublika budjetidan qoplanadi.

Avvalroq, 2021 yilning 1-choragida davlat qarzi 133,7 mln dollarga kamayib, 21 mlrd dollarni tashkil etgani ma'lum qilingandi. Shuningdek, qarzlar taqsimoti va valuta tarkibi ham ochiqlangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid