O‘zbekiston | 08:50 / 18.07.2021
134226
2 daqiqa o‘qiladi

Olmazor tumani hokimi Abdumajid Mullajonov vafot etdi

O‘zbekiston Markaziy banki sobiq raisi Fayzulla Mullajonovning o‘g‘li, Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi Abdumajid Mullajonov 51 yoshida o‘z uyida vafot etdi.

«Toshkent shahar hokimligi Olmazor tumani hokimi Abdumajid Mullajonov vafoti munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Abdumajid Mullajonov uzoq yillar davomida davlat idoralarida samarali mehnat qilib, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan tashabbuskor rahbar, samimiy inson edi. Abdumajid Mullajonovning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy qoladi», deyiladi Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Abdumajid Fayzullayevich Mullajonov 1970 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1996 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Ko‘p yillar davomida qator rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan.

U 2019 yildan Toshkent shahar Olmazor tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan, 2021 yilning yanvaridan tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ma'lumot uchun, Abdumajid Mullajonov O‘zbekiston Markaziy banki sobiq raisi, marhum Fayzulla Mullajonovning o‘g‘li edi.

Abdumajid Mullajonov o‘limi sababi rasman ma'lum qilinmagan, Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, uning o‘limiga o‘tkir yurak miokard infarkti sabab bo‘lgan.

Bungacha Qonunchilik palatasi deputati Abdurahim Qurbonov, yozuvchi Dadaxon Nuriy, «Qorako‘l maktabi» asoschisi To‘xtamurod Jumayev, Energetika sohasining faxriy xodimi, «Chirchiq transformator zavodi» AJ bosh direktori Ruslan Mubarakshin hamda AOKAda bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan Javohir Qudratov koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid