Tatariston muftiysi O‘zbekistondagi muftiy sayloviga mehmon sifatida taklif qilindi
1 oktabr kuni Tatariston muftiysi Komil hazrat Samigullin Qozon shahridagi O‘zbekiston bosh konsuli Faxriddin Nasriyev bilan uchrashdi. Bu haqda Tatariston musulmonlari diniy idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Komil hazrat O‘zbekistonning sobiq muftiysi Usmonxon Alimovning vafot etishi katta yo‘qotish ekanligini ta'kidlagan. Shuningdek, Faxriddin Nasriyev o‘zaro aloqalarni davom ettirish va Komil hazratni O‘zbekistonda kutilayotgan muftiy saylovida faxriy mehmon sifatida qatnashishga taklif qildi.
Avvalroq, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi muftiy vazifasiga kim saylanishi va nomzodlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar «ulamolarning ruhiyatiga salbiy ta'sir o‘tkazayotgani»ni bildirgan va muftiy lavozimiga saylov tartibi to‘g‘risida axborot bergan edi.
Ma'lum qilinishicha, tashkilot Nizomining tegishli bandiga ko‘ra, diniy idora raisi, muftiy Ulamolar Kengashi yig‘ilishida 5 yil muddatga saylanadi. Ushbu lavozimga saylanayotgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, oliy diniy ma'lumotli, kamida 10 yil O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ishlagan, ulamolar hamda xalq orasida obro‘ va ishonch qozongan bo‘lishi lozim.
Lekin, hozirga qadar muftiy lavozimiga saylov qachon bo‘lishi va tashkilot Nizomi ham jamoatchilik uchun ochiqlanmadi. Muftiy vafotidan so‘ng rasmiy tadbirlarda asosan Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va Musulmonlar idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov ko‘zga tashlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida davolanish uchun Moskvaga olib borilgan muftiy Usmonxon Alimov 15 avgust kuni 71 yoshida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi. U 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlagandi.
16 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi davlat rasmiylari ta'ziyali xonadonda bo‘lib, hamdardlik bildirdi. Shu kuni Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida marhumning janoza namozi o‘qilgan va ta'ziya marosimi bo‘lib o‘tgan edi.
Mavzuga oid
12:55 / 21.12.2024
Tatariston bo‘ylab dronlar hujumi kuzatildi
10:50 / 24.10.2024
Tatariston O‘zbekistonda qo‘shma iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini kengaytiradi
07:30 / 24.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Tataristonning "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandi
17:06 / 29.09.2024