O‘zbekiston | 09:20 / 11.11.2021
5309
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda Nexia mashinasida olib ketilayotgan yaroqsiz go‘sht yo‘q qilindi

Foto: IIB axborot xizmati

Qarshi shahri hududida to‘xtab turgan Nexia mashinasi PPX xodimlari tomonidan to‘xtatilganda uning yukxonasida yaroqsiz go‘sht borligi aniqlanadi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 8 noyabr kuni soat 22:00larda A378 Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘lining 2-kilometrida yo‘l chetida to‘xtab turgan Nexia mashinasi shu hududda xizmat vazifasini olib borayotgan PPX xodimlarining e'tiborini tortadi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida mashina ichida o‘tirgan erkak va ayol mashina yukxonasida go‘sht borligini aytishadi. Xodimlar qoplarga joylangan go‘shtning yaroqliligi haqida hujjatni so‘raganda ular hech qanday hujjat ko‘rsata olmaydi. Shundan so‘ng ular Qarshi shahar IIBga olib kelinadi va go‘sht tegishli tartibda hujjatlashtirib tekshirish uchun yuboriladi.

Viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi tomonidan go‘sht mahsulotlari tekshirib ko‘rilganda ular iste'molga yaroqsizligi ma'lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng mazkur go‘sht mahsulotlari belgilangan tartibda yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid