O‘zbekiston | 17:31 / 18.11.2021
38011
2 daqiqa o‘qiladi

Davron Hidoyatov Chirchiq shahri hokimi lavozimiga o‘tkazildi

Toshkent viloyati sobiq hokimi Davron Hidoyatov Chirchiq shahri hokimi etib tayinlandi. U viloyat hokimi lavozimida bir yil ham turmadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan Davron Abdulfattohovich Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi, Zoir Toirovich Mirzayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 

Zoyir Mirzayev viloyatning so‘nggi besh yildagi oltinchi rahbari bo‘lmoqda.

Prezident matbuot kotibi xabar berishicha, Davron Hidoyatov Chirchiq shahri hokimi lavozimiga tushirilgan.

Chirchiq shahriga 2020 yil fevralidan buyon Sanjar Yusupov hokimlik qilib kelayotgandi.

Davron Hidoyatov (1976 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996−2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004−2005 yillarda «Osiyo-Invest Bank» (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida, 2005−2009 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida ishlagan.

2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

2014−2017 yillarda O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni kuchaytirish davlat qo‘mitasi raisi, 2017−2018 yillarda Chilonzor tumani hokimi, 2018−2021 yillarda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Davron Hidoyatov 2021 yil yanvar oyi oxiridan buyon Toshkent viloyati hokimi lavozimida ishlayotgan edi.

  • U so‘nggi oylarda matbuotda ko‘p ko‘rinish berayotgandi. Xususan, uning tashabbusi bilan viloyat markazi Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova sharafiga haykal va istirohat bog‘i qurish uchun 28 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Keyinroq Toshkent viloyatida hokim farmoni bilan soliq to‘lovchilarning jami 1,5 mlrd so‘mi uchta gazeta obunasi uchun ajratilgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid