Jahon | 17:47 / 08.12.2021
18133
8 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada yangi hukumat. Shols - kansler, Rossiya va Xitoyning ashaddiy tanqidchisiga vazirlik berildi

Chorshanba kuni bundestag Germaniyaning yangi hukumatini tasdiqladi. Mamlakat kanslerligini sotsialist Olaf Shols egalladi, tashqi ishlar vazirligi rahbarligiga Rossiya va Xitoy masalalarida murosasiz bo‘lgan yashillar yetakchisi Annalena Berbok keldi.

Olaf Shols qasamyod qabul qilmoqda.

Bundestag deputatlaridan 395 nafari Shols nomzodini ma'qulladi - u tasdiqlanishi uchun 369 ovoz yetarli edi.

  • Olaf Shols 63 yoshda, u Germaniya sotsial-demokratik partiyasi a'zosi. So‘nggi uch yil davomida u Merkel hukumatida vitse-kansler va moliya vaziri lavozimlarida ishlagan. 2011—2018 yillarda Olaf Shols Hamburg shahrining rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Yangi hukumat to‘rt marta Xristian-demokratik ittifoq partiyasini g‘alabaga yetaklab kelgan Angela Merkel kabineti o‘rnini egallaydi.

Bundestag uchun sentabr oyida o‘tkazilgan so‘nggi saylovda Merkel ishtirok etmadi. U uch yil oldinroq 2021 yilda siyosatdan ketishini e'lon qilgandi va saylovlarda uning partiyasi mag‘lub bo‘ldi.

Yakunda Merkelning kanslerligi 16 yil va 15 kun davom etdi. Agar yangi koalitsiya bo‘yicha muzokaralar yana 12 kunga cho‘zilganida, u Germaniya kansleri lavozimida Otto fon Bismarkdan keyin eng ko‘p vaqt davomida bo‘lgan Helmut Kolning rekordini yangilagan bo‘lardi.

Saylovlarda XDIning so‘nggi hukumatida ittifoqchi bo‘lgan Olaf Shols yetakchiligidagi sotsialistlar g‘olib chiqdi va ular xristian-demokratlar bilan koalitsiya tuzmasdan, saylovda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan yashillar hamda Erkin demokratlar partiyasi bilan yangi hukumat koalitsiyasi tuzishga qaror qildi. Bu koalitsiya Germaniyada «svetofor» (Ampel-Koalition) nomini oldi - uch partiyaning ramziy ranglaridan kelib chiqqan holda.

Koalitsiya ishtirokchilari yangi hukumat dasturi bo‘yicha faqat noyabr oyi oxiriga kelib kelishuvga erishdi va 4-6 dekabr kunlari uch partiya birin-ketin bu koalitsion kelishuvni ma'qulladi: sotsialistlar va erkin demokratlar - partiya konferensiyalarida, yashillar esa - barcha partiyalar vakillarining umumiy ovoz berish jarayonida. Seshanba kuni yakuniy kelishuv imzolandi va Olaf Sholsning yangi hukumati bundestag tomonidan tasdiqlanishi uchun barchasi tayyor bo‘ldi.

Qat'iy Annalena
Bu hukumatda tashqi ishlar vaziri lavozimini Yashillar partiyasi hamraisi, 41 yoshli Annalena Berbok egalladi. U Germaniya tarixida bu lavozimga kelgan ilk ayol kishi va eng yosh tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.

Annalena Berbok Germaniya tashqi ishlar vaziri lavozimiga kelgan ilk ayol bo‘ldi. Foto: EPA

Sotsialist Olaf Shols tashqi siyosat masalasiga ancha ehtiyotkorlik bilan yondashib kelgan bo‘lsa, Berbok saylovlargacha ham, muxolifat vakili sifatida, saylovoldi kampaniyasi vaqtida ham Moskvani keskin tanqid qilgan va Xitoy bilan qarama-qarshilik masalasida qat'iy pozitsiya tanlagan.

Yashillar azaldan Yevropa qadriyatlari hamda inson huquqlari va fuqarolik erkinliklarini himoya qilishga asoslangan holda tashqi siyosat yuritish va'dalarini berib keladi.

«Bu qadam Rossiyani Yevropa qadriyatlari to‘plamidan yanada uzoqlashtirdi. Biz «Memorial»ga nisbatan qatag‘onga va huquq faollarining harakati jinoyatga tenglashtirilishiga qat'iyan qarshimiz», dedi Berbok noyabr oyida DPA agentligi uchun bergan intervyusida Rossiya hukumatining «Memorial» jamiyatiga (Rossiyada xorijiy agent funksiyalarini bajaruvchi tashkilot sifatida tasniflangan) qarshi harakatlarini sharhlar ekan. 

Muxolifatda bo‘lganida Berbok hukumatni rossiyaliklarning «Shimoliy oqim» gaz quvuri loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan (ayniqsa Aleksey Navalniyning zaharlanishidan keyin), endi esa, qurilish ishlari yakunlangach, uni foydalanishga topshirmaslikka chaqirmoqda.

Ammo sotsialistlar «Shimoliy oqim - 2» loyihasini qo‘llab-quvvatlashadi (ko‘mirdan voz kechish siyosatini amalga oshirish vaqtida uning o‘rnini gaz bilan to‘ldirish zarurati bor) va nemis sharhlovchilari bu og‘riqli masala koalitsiya kelishuvida mutlaqo esga olinmaganiga e'tibor qaratishadi: loyihaning Yevropa qonunlariga muvofiqligi tekshirilayotgan mahalda tomonlar «kelishmaslikka kelishgan», gaz esa baribir hali yetkazib berilmayapti.

Berbok, shuningdek, Xitoy bilan ham kurashishga tayyor, Germaniyaning avvalgi hukumati ahyon-ahyonda qoralab turgan bo‘lsa-da, bu davlat bilan faol savdo qilgan.

«Biz, yevropaliklar, o‘zimizni kamsitishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Biz - dunyodagi eng yirik bozorlardan birimiz va Xitoy Yevropa bozoridan juda manfaatdor. Agar biz bozorni majburiy mehnatga yo‘l qo‘yiladigan Shinjon kabi hududlardan keladigan mahsulotlar uchun yopsak - bu oddiy amaliyot, bu Xitoy kabi eksportyor mamlakat uchun katta muammoga aylanadi», degan Berbok Berlindagi Tageszeitung gazetasi uchun bergan intervyusida.

«Merkel hukumatida bunday pozitsiyani tasavvur qilib bo‘lmasdi. Lavozimni tark etgan kansler YeI va Xitoy o‘rtasida investitsiyalar bo‘yicha kelishuvlar tuzilishida muhim rol o‘ynagan», deya qayd etiladi Focus jurnalining Annalena Berbok «sovuq urush jangchisi» deya ta'rif berilgan maqolasida.

Kansler nimalar qilishi mumkin?
Germaniya tashqi siyosati bayonotlarda emas, amalda qanday bo‘lishi - nemis sharhlovchilari fikricha, sotsialist kansler Shols Annalena Berbokning erkin harakatlanishini qanchalar cheklashni istashiga bog‘liq bo‘ladi. Angela Merkel davrida tashqi siyosat yo‘nalishlari kansler apparatida shakllantirilgan, tashqi ishlar vaziri (so‘nggisi sotsialist Hayko Maas bo‘lgandi) ko‘proq ijrochi sifatida chiqish qilgan.

Olaf Shols hukumat koalitsiyasi tuzish haqidagi kelishuv imzolangan vaqtda. Foto: EPA

Nima bo‘lganda ham, yangi hukumatdagi partiyalar ularning tashqi siyosatdagi ustuvor maqsadi butun Yevroittifoq harakatlarini muvofiqlashtirish ekaniga kelishishgan va buni koalitsiya kelishuvida ham aks ettirishgan.

Ayrim tahlilchilarning taxmin qilishicha, yashillarning Germaniya tashqi siyosatiga ta'siri nisbatan kuchli bo‘ladi, chunki muhim lavozimlardan biri - Iqtisodiyot va iqlim vaziri lavozimini partiyaning ikkinchi hamraisi Robert Habek egalladi, iqtisodiy aloqalar esa - Yevropadagi yirik eksportchi davlat bo‘lgan Germaniyada tashqi siyosat yuritishdagi muhim instrumentdir.

Sotsialistlar yangi kabinetda sakkiz lavozimni egalladi, jumladan kanslerlik (Shols) va ichki ishlar vaziri (Nensi Fezer), yashillar va erkin demokratlar to‘rttadan portfelga ega bo‘ldi. Erkin demokratlar yetakchisi Kristian Lindner moliya vaziri bo‘ldi.

Pandemiya masalasida nemis matbuoti yangi hukumatdagi yana bir shaxsni alohida qayd etmoqda: sog‘liqni saqlash vaziri lavozimini Sog‘liqni saqlash iqtisodiyoti va klinik epidemiologiya institutining sobiq direktori, sog‘liqni saqlash tashkilotchiligi va epidemiologiya bo‘yicha mutaxassis Karl Lauterbah egalladi.

Professor Lauterbah - koronavirus ustidan g‘alaba qozonilishi uchun qat'iy cheklovlar qo‘llash tarafdori hisoblanadi.

Germaniya hukumatining barcha a'zolari fotosuratlari. Foto: Reuters

Mavzuga oid