O‘zbekiston | 23:12 / 11.12.2021
77738
2 daqiqa o‘qiladi

Asaka hokimi fuqaro bilan mensimay gaplashdi. Jazoni esa xodimlar oldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonovning ayol fuqaro bilan mensimaslik ohangida, qo‘lini cho‘ntagiga solgan holda gaplashgani aks etgan video tarqaldi.

Bu video, tuman hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, “Qadriyat” mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida aholi bilan uchrashuv jarayonida olingan.

Qizig‘i, mazkur tasvir ortidan jazoni hokim emas, balki uni hokimlikning internetdagi sahifasiga joylashtirgan xodimlar olgan.

“Ushbu jarayon onlayn tarzda tuman hokimligining rasmiy Telegram-kanalida berib borilgan va muhokamalarga sabab bo‘lgan video e’tiborsizlik tufayli joylangan. Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan mas’ul hodimlarga nisbatan tushuntirish ishlari olib borildi va belgilangan tartibda chora ko‘rildi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Ko‘rinib turibdiki xalq bilan mensimay gaplashgan hokim qilar ishni qilgan, jazoni esa oddiy xodimlar olgan. Holatga viloyat hokimligi munosabat bildirishi maqsadga muvofiq.

Bu – tuman hokimining muammolardan birinchi marta “aylanib o‘tishi” emas. Avvalroq Kun.uz'ning “Asakacha ish uslubi: o‘rganilmayotgan va e’tiborsiz qoldirilayotgan muammolar” sarlavhali maqolasiga javoban, hokimlik maqoladagi faktlar go‘yoki “eski xabarlarning tahrirlangani” deya iddao qilingani haqida xabar bergandik.

Ma’lumot uchun, Mansurbek Alixonov “Yoshlar forumi–2021” festivali doirasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha chiqish qilgani bilan ham e’tiborga tushgandi.

Foto: Asaka tumani hokimligi

Jalaquduq tumani IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan Alixonov 2020 yilning 9 sentyabrida hokimga aylangan.

Mavzuga oid