O‘zbekiston | 14:29 / 21.12.2021
52486
6 daqiqa o‘qiladi

Qaysi viloyatlar hokimligi oldida hali ham panjaralar bor?

14ta hududdan faqat 4tasida bosh ijro organining binosi aholi uchun to‘siqlardan xoli. Bir nechta hokimliklar panjarani olib tashlash rejasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Toshkent viloyatiga Zoyir Mirzayev hokim bo‘lib kelishidan hech qancha vaqt o‘tmay, hokimlik binosi atrofini o‘rab turgan panjaralar olib tashlandi. Panjaralar o‘rniga daraxt ko‘chatlari ekilishi ma’lum qilindi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Bu voqeadan keyin yana qaysi viloyat hokimliklarida panjaralar olib tashlangani, qaysilarida saqlanib qolayotgani bilan qiziqdik.

Qashqadaryo viloyati

Ushbu viloyat hokimligida, boshqalari kabi, panjara ancha yillardan buyon bo‘lib kelgan, biroq viloyatga Zoyir Mirzayev hokim bo‘lib kelishi bilan ular olib tashlangan. Hozirda aholi istasa, hokimlik oldidagi bog‘da ham sayr qilib yurishi mumkin.

Qashqadaryo viloyati hokimligi
Foto: qashqadaryo.uz
Qashqadaryo viloyati hokimligi
Foto: yandex.com

Hokimlik axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Zoyir Mirzayev davrida viloyatdagi barcha tuman hokimliklarining panjaralari ham olib tashlangan.

Samarqand viloyati

Ushbu viloyat hokimligi ham muqaddam panjaralar bilan o‘ralgan bo‘lgan. Erkinjon Turdimov hokim bo‘lib kelganidan so‘ng, panjaralardan voz kechilgan.

Samarqand viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz
Samarqand viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz

Hokimlik matbuot kotibi Manuchehr Mirzayevning bildirishicha, nafaqat viloyat, balki tuman hokimliklarida ham panjaralar yo‘q.

“Viloyatdagi so‘nggi panjara Payariq tuman hokimligida edi. Shu yil yanvarida Kun.uz tanqididan so‘ng, u yerdan ham olib tashlandi”, – deydi hokimlik vakili.

O‘rganishlarimiz natijasida, afsuski, bor-yo‘g‘i 3ta viloyat hokimligida panjaralar mavjud emasligiga guvoh bo‘ldik.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijro organi hisoblanmish Vazirlar Kengashi atrofida ham panjaralar yo‘q ekan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
Foto: Kun.uz 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
Foto: Kun.uz 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
Foto: Kun.uz 

Vazirlar Kengashi matbuot kotibi Azamat Ajimuratovning ma’lum qilishicha, tashkilot binosi atrofida panjaralar avvaldan bo‘lmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bino oldidan piyodalar yo‘lakchasi o‘tgan bo‘lib, fuqarolar undan bemalol o‘tib-qaytib yuradi.

Panjara ortidagi hokimliklar

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyati hokimliklaridan so‘rovimiz bo‘yicha ma’lumot ololmadik.

Andijon viloyati hokimligi
Foto: everyday.uz
Namangan viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz 
Farg‘ona viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz 
Navoiy viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz 
Buxoro viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz 
Xorazm viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz 

Jizzax viloyati hokimligi matbuot kotibi Akmal Binoqulov panjaralarni olib tashlash rejada bor-yo‘qligidan bexabarligini bildirdi.
Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati esa panjaralarni olib tashlash rejada yo‘qligini ma’lum qildi.

Jizzax viloyati hokimligi
Foto: jizzax.uz
Toshkent shahar hokimligi 
Foto: Kun.uz 

Sirdaryo viloyati

Sirdaryo viloyati hokimligi
Foto: Kun.uz 

Viloyat hokimligi matbuot kotibi Zafar Mirrahimov hokimlikda panjaralar bo‘lgani bilan, qabulxonaga kirishda panjara yo‘qligini, ya’ni fuqarolar murojaat qilishi uchun to‘siq mavjud emasligini bildirdi. Shuningdek, u hokimlikda panjaralarni olib tashlash rejasi yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Surxondaryo viloyati

Surxondaryo viloyati hokimligi
Foto: norma.uz

Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot kotibining aytishicha, avval panjarali hudud bundan ham katta bo‘lgan va 2019 yilga kelib o‘rab olingan hudud toraytirilgan. Hokimlikning panjaradan voz kechish niyati bor-yo‘qligi haqidagi savolimiz esa javobsiz qoldi.

Shu yilning avgust oyida, Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlagan vaqtida Zoyir Mirzayev hokimliklar va boshqa tashkilotlardagi panjaralar haqida tanqidiy fikr bildirgandi.

Nimaga hokimlik yopiq joy bo‘lishi kerak? Men viloyat hokimligiga chaqirilgan hokimlarni har safar binoning old tarafidan olib kirishni buyuraman, nimaga? Hokimlar shu tomondan kirsa, panjara yo‘qligini ko‘radi. Men hokimlik binosiga kirayotgan yo‘lda panjara yo‘q. Buni aqli yetgan tushunadi.

Kichkinagina tashkilotlar panjara, panjaradan so‘ng yana bir balo qo‘yib, odamlarning yo‘lini to‘sib qo‘ygan. O‘zi hech bir ish qilmaydi, qo‘riqlanadigan hech narsa yo‘q, lekin panjara bilan to‘silgan. Men shunday paytda tashkilot rahbarlaridan panjara bilan kimdan nimani qo‘riqlayotganini so‘rayman. Xo‘sh, tashkilotini xalqdan qo‘riqlayaptimi?” – degandi Zoyir Mirzayev.

Ma’lumot uchun, Zoyir Mirzayevning ushbu tanqididan so‘ng, Qashqadaryodagi hokimliklar va boshqa bir qator tashkilotlar atrofidagi panjaralar olib tashlangan.

Shahrisabz tumani hokimligi
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati
Koson tumani hokimligi
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid