O‘zbekiston | 17:44 / 21.12.2021
63180
3 daqiqa o‘qiladi

UzAuto ulgurmayapti, bojlarni kamaytirsa bo‘lmaydimi? Vazir javobi

UzAuto Motors mashina sotish bo‘yicha mijozlar bilan shartnoma tuzishni 43 kunga to‘xtatdi. Sardor Umrzoqov shunday sharoitda avtomobil importi uchun bojni pasaytirish haqidagi savolga javob berdi.

UzAuto Motors kompaniyasi 1 fevralgacha eng xaridorgir avtomobillar sotuvi bo‘yicha mijozlar bilan shartnoma tuzishni to‘xtatdi. Shu vaziyatda xorijdan avtomobil olib kirish uchun bojlarni pasaytirish vaqti kelmadimi?

Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov yoshlar forumi doirasida berilgan ushbu savolga javob berdi.

Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga intilishi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotgani fonida import bojlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

“Bundan tashqari, hozir O‘zbekistonda bir emas, bir nechta avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z ishini boshladi yoki boshlayapti. Buning ham, albatta, o‘ziga yarasha ijobiy ta’siri bo‘ladi.

Lekin umuman olganda men aytmoqchi bo‘lgan gapingizga qo‘shilaman, O‘zbekistonda monopoliya bo‘lishi kerak emas, bu sohada ham”, – dedi Umrzoqov 21 dekabr kungi forumda.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 20 dekabrdan 1 fevralgacha Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillarini sotish bo‘yicha yangi arizalarni qabul qilmayapti. Kompaniya yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligini bunga sabab sifatida keltirdi.

Milliy ishlab chiqaruvchi bungacha noyabr-dekabr oylarida yetkazib berishi kerak bo‘lgan avtomobillarni yanvar-fevralda yetkazib berishini ma’lum qilgandi.

Undan avvalroq kompaniya oktyabr-noyabr oylari uchun Lacetti va Labo yetkazib berish shartnomalarini bajara olmagandi.

Bundan tashqari, Cobalt avtomobilini shartnomada kelishilganidek – o‘rindiqni isitish moduli bilan sotib olishni istagan mijozlar ko‘proq vaqt kutishga majbur bo‘ldi.

Bundan tashqari, o‘tgan oylarda UzAuto Motors Captiva 5 modeli sotuvi bo‘yicha mijozlar bilan bitimlar tuzib qo‘ygach, ma’lum vaqtdan keyin mashinani sotmasligini e’lon qildi.

O‘zbekiston hukumati avtosanoatni elektromobil ishlab chiqarishga o‘tkazish haqida ayrim rejalarini bayon qilgan, biroq ko‘plab iste’molchilarning talabiga qaramay, yengil avtomobillar importi uchun bojlarni pasaytirish masalasi ko‘rib chiqilmayapti.

UzAuto Motors yangi shartnomalar tuzishni 1 fevralgacha to‘xtatgach, ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya avtomobillar narxini oshirishi mumkinligi haqida fikrlar yangramoqda.

Mavzuga oid