O‘zbekiston | 13:19 / 28.12.2021
32815
3 daqiqa o‘qiladi

Akrom Rahmonqulovga doir ish sudda ko‘rilmoqda

Jizzax viloyat hokimining sobiq o‘rinbosariga milliardlab budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ifodalangan ayblovlar qo‘yilgan.

Jizzax viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmachiligidagi qurilish obektlarida korrupsion xatti-harakatlar va manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi joriy yilning iyun oyida yakunlanib, Toshkent viloyat sudiga yuborilgan. Bu haqda Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ayni damda ish bo‘yicha sud muzokaralari yakunlangan, yaqin kunlarda sud hukmi e’lon qilinishi kutilmoqda.

Akrom Rahmonqulov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida prezident Jizzax shahrida qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qulab tushishi ortidan Jizzax viloyati hokim o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovni siyosatga xiyonatda ayblagan va keyinroq u ishdan olingandi.

Joriy yilning aprel oyida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev hozirgacha tergovda aniqlangan holatlarga ko‘ra, Akrom Rahmonqulov 2018-2020 yillarda jami 494 mlrd so‘mlik 82ta obektlar qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, tergovda Akrom Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi «Eski shahar» buyum bozorida qurilgan 172ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14ta xonadon, 43ta avtomashina, 37ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlangani, Rahmonqulovning 10 nafar jinoiy sheriklari ham qamoqqa olingani aytilgan edi.  

Mavzuga oid