O‘zbekiston | 14:10 / 23.04.2021
64707
3 daqiqa o‘qiladi

Kvartiralar, avtomobillar, do‘konlar - Akrom Rahmonqulovning zararni undirish uchun xatlangan mol-mulklari haqida ma’lumot berildi

Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, 172ta do‘kon, ko‘p qavatli uylardagi 14ta xonadon, 43ta avtomashina va boshqa ko‘chmas mulklar zararni undirish uchun xatlangan. Bu haqda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senat yalpi majlisida ma’lum qildi.

Akrom Rahmonqulov

Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida ishtirok etgan Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev korrupsiyaga qarshi kurashishda, xususan Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovning korrupsiyaviy harakatlarini oshkor etishda blogerlarning hissasi yuqori bo‘layotganini ta’kidladi.

«So‘nggi yillarda jamoatchilik, ayniqsa blogerlar korrupsiyaga qarshi kurashishda faollashganini aytib o‘tmoqchiman. Birgina Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmonqulovning korrupsiyaviy qilmishlari to‘liq fosh qilinishida ularning hissasi katta bo‘ldi.

Aytish joiz, Rahmonqulov 2018 yilda viloyat hokimining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangach, uyushgan guruh tuzib, budjetning milliardlab mablag‘larini talon-toroj qilib kelgan. Shu maqsadda viloyatda qurilish sohasi rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini qo‘yib, ular orqali o‘zining g‘arazli maqsadlariga sharoit yaratgan», deydi Bosh prokuror.

Uning ma’lum qilishicha, hozirgacha tergovda aniqlangan holatlarga ko‘ra, Akrom Rahmonqulov 2018—2020 yillarda jami 494 mlrd so‘mlik 82ta obektlar qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Shuningdek, tergovda Akrom Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi «Eski shahar» buyum bozorida qurilgan 172ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14ta xonadon, 43ta avtomashina, 37ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Davletovuz Telegram-kanalida Akrom Rahmonqulovning qarindoshlari bir necha yuz milliardlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani haqida surishtiruv e’lon qilingandi.

Keyinchalik, prezident Jizzaxda qurilish sohasidagi mojarolar ortidan Jizzax viloyati hokim o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovni siyosatga xiyonatda ayblagan va keyinroq u ishdan olingandi. Shundan so‘ng, Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi ham qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid