O‘zbekiston | 16:12 / 16.01.2022
12561
9 daqiqa o‘qiladi

«Omon qolgan daraxtlar uchun medal» – blogerlarning hafta mavzulari

Kun.uz yakunlangan haftada o‘zbek blogosferasida qaynoq muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzularni jamladi.

Foto: KUN.UZ

15 yanvar kuni kechasi Andijon viloyatida viloyat perinatal markazi hovlisidagi 12 tup daraxt kesib tashlangani haqidagi xabarlar blogerlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahar obodonchilik korxonasi xodimlariga daraxtlarni kesish buyrug‘i viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tomonidan berilgan.

«Qirg‘indan omon qolgan har bir daraxtga medal berish kerak»

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘z blogida daraxtlarga qarshi qirg‘indan omon qolgan har bir daraxtga medal berish haqidagi kinoyaomuz taklifini ilgari surdi.

«Ko‘ngilni og‘ritadigan biror xabar eshitsang, u xabar Andijonga taalluqli bo‘lsa, shu xabarning, qoida tariqasida: «Bu ishlar boshida hokimbuva turibdi emish», degan davomiyam bo‘ladi-ya, nuqul.

O‘zbekistondagi daraxtlarga qarshi joriy qirg‘indan omon qolgan har bir 5-10 yoshdan katta daraxtga hozirdan har yili medalmi, ordenmi beraverish kerak, menimcha. «Qahramon daraxt» deganmi, shunga o‘xshashroq nom bilan.

Prezident joriy etgan moratoriydan ham (o‘zi, umuman olganda, hech kim va hech narsadan) qo‘rqmaydigan hokimlarimiz, ekopolitsiyalarimiz, ekoqo‘mitalarimiz va daraxtlarimiz himoyasi uchun mas’ul barcha davlat vallomatlarimizning sanoqsiz arralaridan «qochib», keyingi shunday vallomatlarimiz hukmronligigacha eson-omon yetib olgan har bir daraxtimiz, shubhasiz, milliy qahramonimizdir. Ularni urush faxriylari sifatida ardoqlash lozim».

«Hokimbuva, muqaddas narsa bormi o‘zi siz uchun?»

Daraxtlar qirg‘ini masalasida bloger Shahnoza Soatova ham fikr bildirdi.

«Andijon viloyatida viloyat perinatal markazi hovlisidagi daraxtlar shanba kuni kechasi (!!!) kesilmoqda. Perinatal markaz bu — ayollar ko‘zi yoriydigan, chaqaloqlar tug‘iladigan maskan. Daraxtlar ularga havoni tozalab berardi. Hokimbuva, muqaddas narsa bormi o‘zi siz uchun?

Umuman, daraxtlarni jinoyatkorona kesishga buyruq berayotgan hamma-hamma, sizlarda-chi?» deb yozdi u.

Andijon viloyati hokimligi – «daraxtlar o‘z joyida turibdi»

Holat yuzasidan viloyat matbuot xizmati rasmiy bayonot berib, daraxtlar o‘z joyida turganini ma’lum qildi. Allaqachon tarmoqlarda tarqalgan rasmlardan esa daraxtlar kesib tashlangani ko‘rinib turgandi.

Kulgiga qolgan hokimlik keyinroq bayonotning o‘sha qismini olib tashladi.

«Hozirgi kunda viloyat perinatal markazida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Qurilish loyihasiga ko‘ra, hozirgi kunda hududda 180 dan ortiq manzarali daraxt va ko‘chatlar ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari hech kim daraxtlarni kesib tashlash buyrug‘ini bermaganligini ma’lum qilamiz.

Izoh: Yuqorida keltirilgan holat viloyat hokimligi tomonidan alohida nazoratga olindi. Hududda konunbuzilish holatlari aniqlangan takdirda aybdorlarga qonuniy jazo choralari ko‘rilishi va bu haqda batafsil axborot berilishini ma’lum qilamiz», deyiladi bayonotda.

Ekologiya qo‘mitasi esa rasmiy bayonot berib, 12 tup eldor qarag‘ayi daraxti noqonuniy kesib tashlanganini ma’lum qildi.

«Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari ro‘yxati»ga Eldor qarag‘ayi juda chiroyli manzarali daraxt sifatida kiritilgan.

O‘rganishlar davomida kesilgan daraxtlarning diametr o‘lchamlari 12 sm dan 40 sm gacha ekanligi, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish natijasida o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi qayd etildi.

Mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etiladi».

Aeroportdagi ekspress-test mojarosi: «Bizga dushman kerakmas»

Maxsus komissiya qaroriga muvofiq, koronavirusning omikron shtammi tufayli 15 yanvardan boshlab O‘zbekistonga kirib kelayotgan aksariyat fuqarolar ham oldindan PZR-test topshirishi, ham kirib kelgach ekspress-testdan o‘tishi talab etila boshlandi. Aeroportlarda ekspress-test narxi 5 dollar deb belgilandi.

15 yanvar kuni kechki payt Toshkent xalqaro aeroportida ekspress-test uchun uzun navbatlar kuzatildi, tarmoqlarda fuqarolar va  aeroport xodimlari o‘rtasida janjal kelib chiqqani haqidagi videolar ham tarqaldi.

Troll.uz kanali muallifi Umid Gafurov aeroportdagi tiqilinchlar aks etgan videoni ulashib, shunday izoh yozdi: «Aeroportda uchib kelganlar uchun majburiy ekspress-test joriy qilinganidan keyingi holat. Pulli. Kishi boshiga 5 dollar. O‘zi qo‘lida PZR-test bo‘lsa ham, baribir sotib olish kerak. Ochko‘zlar».

Davletov.uz kanali muallifi esa, uning fikrlarini davom ettirib, buni omikronni yuqtirishga turilgan navbat, deya izohladi.

«Qovun tushirishdan charchamaydigan komissiya. Insof bersin», deb yozdi u.

«Maxsus komissiya haliyam borligini faqat u keltiradigan ziyonlardan bilsa bo‘ladi»

Bakiroo kanali muallifi Otabek Bakirov holat yuzasidan davomli postlar yozib, 2020 yilda ham bunday tartib joriy qilinib, ekspress-test olish huquqi hech qanday tanlovsiz «Tibbiyot dunyosi» MChJga topshirilganiga urg‘u berdi.

«Anchadan buyon Maxsus komissiyaning borligini, demakki, zararkunandaligini sezmayotgandik.

Oxirgi marta bu na Konstitutsiyada, na qonunlarimizda vakolati ko‘rsatilgan komissiya o‘tgan yili iyulda yemak yetkazib berish xizmati (keytering) bilan faqat soat 8:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan vaqtlarda shug‘ullanishlari bo‘yicha cheklov qarori bilan iqtisodiyotimizga ziyon yetkazgandi.

Bugun mana bu komissiya tirikligiga, afsuski, yana guvoh bo‘ldik. Yangi zararli qarorga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan fuqarolar kirishidan kamida 48 soat oldin PZR usulida o‘tkazilgan koronavirusga manfiy test natijasini taqdim etishlari kerak. Lekin bu, yo xudoyim, yetarli emas. Qo‘shimchasiga O‘zbekiston hududiga kirishda koronavirus infeksiyasi mavjudligini aniqlash uchun ekspress antigen testini topshirishlari shart».

«Na Konstitutsiyada, na qonunlarda vakolati ko‘rsatilgan, dunyoning hech bir mamlakatida muqobili yo‘q Maxsus komissiya avval ham, masalan, 2020 yil 25 dekabrdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslardan koronavirus infeksiyasi antigenini aniqlash ekspress-testini olish tartibini joriy qilgan.

O‘shanda ekspress test olish huquqi hech bir tanlov yo konkurssiz «Tibbiyot dunyosi» MChJga topshirilgan edi.

«Tibbiyot dunyosi» MChJ esa avvalroq Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori – O‘zbekistonning Bosh davlat sanitariya vrachi sifatida ishlab kelgan Bahrom Almatovga affillangan bo‘lgan.

Maxsus Komissiya aeroportdan kirib keluvchi yo‘lovchilardan PZR manfiy test natijasini talab qilishi barobarida nega ekspress-test olinayotganini asoslantirib, izohlamagan. Biror marta.

Aeroportlarda ekspress-test olish tartibi faqat 2021 yil 15 martga kelibgina bekor qilingan (bu paytga kelib, o‘zbekistonliklar va mehmonlarni qaqshatish va cho‘ntagini shilish evaziga yetarlicha pul ishlab olishgan bo‘lishsa kerak)».

Shuningdek, u OAV yangi sog‘liqni saqlash vaziridan bunday tartibni yo‘q qilishini kutganini eslatdi.

«Lekin O‘zbekistonga quruqlik orqali kirib kelayotgan shaxslardan PZR-testining manfiy natijasi to‘g‘risida ma’lumotnomaga ega shaxslardan ham ekspress-test olinishi davom etib kelayotgandi. OAV bu masalada yangi tayinlangan va umidli deya baho berilgan Behzod Musayevdan ratsional qaror kutgandi.

Nazarimizda, o‘zbek chinovniklaridan, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, ratsional qaror kutib bo‘lmaydi», deb yozdi u.

Kun.uz 16 yanvar kuni tunda aeroportda bo‘lib, ekspress-test mojarosi borasida yo‘lovchilarning fikrlarini oldi. Ular ikki joyga pul to‘layotganidan noroziligini aytdi.

Mavzuga oid