O‘zbekiston | 21:49 / 05.02.2022
33884
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida yana poyezd to‘xtab qoldi

Bugun, 5 fevral oqshomida Toshkent metrosi poyezdi “Xalqlar do‘stligi” va “Milliy bog‘” bekatlari oralig‘ida to‘xtab qoldi. Internetda hodisa video va suratlari tarqaldi.

Internetda tarqalgan videodan kadrlar

Metropoliten ma’muriyati bergan axborotga ko‘ra, hodisaga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Bu vaqtda mashinist kerakli chora-tadbir qo‘llab, harakat tarkibi “Milliy bog‘” bekatiga olib kelingan va barcha yo‘lovchilar bekatga tushirilgan.

Ushbu poyezdga yordam ko‘rsatish maqsadida keyingi navbatda harakatlanayotgan poyezd ham yo‘lovchilarni “Milliy bog‘” bekatida qoldirgan va ta’mir uchun “Chilonzor” elektrdeposiga yo‘naltirilgan.

“Texnik nosozlik sabab yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz, deyiladi rasmiy axborotda.

Hodisa guvohlaridan biri Xurshid Qodirov Facebook'dagi sahifasida shunday yozadi:

“Uraaaa...

Kamina bugun metro bekatlari orasida qolib ketdim. Bu kabi xabarlarni internetda o‘qir edim. O‘sha yo‘lovchilarga “havas” qilardim. Ana bo‘larkan-ku. Menga ham shu baxt nasib etdi.

19:27 (to‘xtaganimizda soatga qaradim) metro “Xalqlar do‘stligi” va “Milliy bog‘” bekatlari oralig‘ida to‘xtab qoldi. Oxirgi vagonda bo‘lganimiz uchun yo‘lovchilarni qo‘rquv bosdi. “Orqadan kelayotgan metro kelib urmas-a...”

Birozdan so‘ng mashinist oxirgi vagonga kelib orqa eshikka kirib chiqdi. Va shu suhbat...

– Vaziyatni tushuntirib bersangiz?

– Vaqtim yo‘q tushuntirgani. O‘tirsang-chi jimgina.

Boshqa yo‘lovchiga qoch deb yugurib ketdi.

Taxminan 19:36 larda yurdik. “Milliy bog‘” bekatida barcha tushdi. Xullas, boshqa metro poyezdida uyga yetib oldik”.

14 yanvar kuni metroning “Turkiston” bekatida, 23 dekabrda esa “Kosmonavtlar” bekatida vagonlardan biri tutab ketgan edi.

Mamlakatdagi eng xavfsiz transport sanaladigan Toshkent metrosida birgina 2021 yil davomida o‘ndan ortiq ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y bergan edi. Mas’ullar metro yo‘lovchilari soni 1 yil ichida 1,5 barobarga oshgani, shunga qaramay vagonlar tarkibining katta qismi eski ekani, ular bosqichma-bosqich yangilab borilayotganini aytadi.

Mavzuga oid