Rossiya Yevropa Kengashidan chiqishini e’lon qildi
Rossiya Yevropa Kengashini ushbu tashkilotdan chiqishi to‘g‘risida xabardor qildi. Kengashdan chiqish jarayoni yakunlanganidan so‘ng rossiyaliklar Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lishadi.
Seshanba kuni Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari, Rossiyaning PASedagi (Yevropa Kengashi parlament assambleyasi) delegatsiyasi rahbari Pyotr Tolstoy o‘z telegram-kanalida Rossiya Yevropa Kengashidan chiqishga qaror qilgani, YeK bosh kotibiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning tegishli maktubi taqdim etilganini yozdi.
Ko‘p vaqt o‘tmay, buni Rossiya tashqi ishlar vazirligi ham tasdiqladi.
"Mamlakatimiz bunday sharoitda Yevropa Kengashida qola olmaydi. Bosh kotib M.Peychinovich-Burich Rossiya Federatsiyasining tashkilotdan chiqishi to‘g‘risida xabardor qilindi", - deya vazirlik bayonotidan iqtibos keltirdi Interfaks.
Rossiya tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, "mamlakatning ushbu tashkilotdan chiqishi Rossiya fuqarolarining huquq va erkinliklariga ta’sir qilmaydi".
"Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasidagidan kam bo‘lmagan kafolatlar berilgan. Rossiya qonunchiligiga Yevropa Kengashining asosiy shartnomaviy-huquqiy aktlari moddalari kiritilgan. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga zid bo‘lmagan qarorlarini bajarish davom etmoqda", - deyiladi bayonotda.
Buning rossiyaliklarga ta’siri qanday bo‘ladi?
Rossiya Yevropa Kengashi ustavi, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi, yana to‘rt konvensiya hamda balki yana ayrim hujjatlarni denonsatsiya qilishi mumkin, dedi Federatsiya kengashi spikeri o‘rinbosari Konstantin Kosachyov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar ro‘yxati qo‘shimcha ravishda belgilanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya Yevropa Kengashidan chiqib ketganidan keyin ham ilgari berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish huquqini saqlab qoladi, bunday shikoyatlar soni 15 mingga yaqin.
Rossiya Yevropa kengashidan chiqib ketganidan keyin Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi chiqargan qarorlarni bajarishga majbur bo‘ladi. Qarorlar bajarilmagan taqdirda Yevropa Kengashi vazirlar qo‘mitasining tegishli mexanizmi ishga tushadi, deydi huquq himoyachisi Pavel Chikov.
Ilgari Yevropa Kengashidan faqat bir davlat – 1969 yilda Gretsiya chiqib ketgan. Mamlakat "qora polkovniklar" hukumati davrida ana shunday yo‘l tutgan. Biroq mamlakatdagi tuzum o‘zgarganidan so‘ng Gretsiya tashkilotga qaytgan.
Mavzuga oid
16:15
Putin Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini tasdiqladi
15:42 / 14.11.2024
Rossiyadan Venesuelagacha: tabiiy boyliklar bo‘yicha eng boy davlatlar
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024