O‘zbekiston | 18:58 / 18.03.2022
25245
3 daqiqa o‘qiladi

Umra narxi yana oshirilishi kutilmoqda

Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan barcha yirik musulmon mamlakatlarga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilishi ortidan podshohlikdagi barcha servislarga talab oshdi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi. Idora xabariga ko‘ra, bu – o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlari narx-navosiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Foto: Fayez Nureldine / AFP

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, joriy yil 22 yanvardan 17 martgacha bo‘lgan davrda 21 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ziyoratchilar Saudiya Arabistoniga jo‘natilib, ulardan 16 ming nafardan ziyodi umra amallarini to‘liq ado etib qaytgan. Hozirda 5 ming 600 nafarga yaqin ziyoratchi Saudiya Arabistonida Umra ziyoratlarini amalga oshirmoqda.

Bugunki kunga kelib, Saudiya Arabistonida COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq o‘rnatilgan karantin talablari yumshatilib, podshohlikka PZR test javobisiz kirish hamda oraliq masofani saqlash tartibi bekor qilingan. Shuningdek, 5 martdan o‘zbekistonlik ziyoratchilardan ham PZR testi talab etilmaydigan bo‘ldi.

Shuningdek, diniy idora yirik musulmon davlatlariga ham umra qilish uchun ruxsat berilishi Saudiyadagi xizmatlar narxining oshishiga sabab bo‘lishini ma’lum qilgan.

«Shuningdek, Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan barcha davlatlar, xususan, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Eron va Misr kabi yirik musulmon mamlakatlariga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berildi.

Bu – o‘z navbatida, hozirgi kunda Saudiya Arabistonida mehmonxona va boshqa turdagi servislarga talab oshishiga, xususan, Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlarining narx-navosiga ham ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘ladi», – deyiladi idora xabarida.

Musulmonlar idorasi axborotida o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun ham narx-navo oshishi yoki oshmasligi borasida ma’lumot yo‘q.

Kun.uz bilan gaplashgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda Umra-2020 mavsumida pandemiya tufayli qolib ketgan 23 mingga yaqin fuqarolar ziyoratni amalga oshirmoqda. Eski mavsumda navbati qolib ketgan fuqarolar ziyoratlarini yakunlagach bu mavsumdagi ziyoratchilar bilan boshqa shartnoma tuziladi.

«Saudiyada narx-navoning oshishi munosabati bilan yangi ziyoratchilar bilan tuziladigan shartnoma narxi ham o‘zgaradi. Buning qancha bo‘lishi haqida aniq bir nima deyolmaymiz, bu bizni [Musulmonlar idorasi] hamkor shirkat bilan tuziladigan shartnomasi, kelishuviga bog‘liq», – dedi Kun.uz bilan suhbatda idora matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida ham 2020 yil to‘lov qilib, qolib ketgan ziyoratchilar qo‘shimcha 4,7 million so‘m to‘lov qilishiga to‘g‘ri kelgan edi. Musulmonlar idorasi o‘shanda umra ziyoratchilari uchun to‘lov miqdori oshirilganiga pandemiya talablari, Saudiya Arabistonida 15 foizlik QQSning joriy qilinishi hamda narx-navo ko‘tarilganligini sabab qilib ko‘rsatgan.

Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar taxminan 17,8 million atrofida to‘lov qilib ziyoratga ketmoqda.

Mavzuga oid