Umra safari qachondan boshlanadi?

2022 yil 22 yanvar kuni birinchi reysni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shundan so‘ng 25, 28 yanvar kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi.

Kelgusida muborak safarga reyslarni sezilarli darajada oshirib boriladi.

Boshlanayotgan umra safariga qachon ro‘yxatga yozilgan fuqarolar jo‘natiladi?

Joriy umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to‘lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.

Umra to‘lovi qancha etib belgilandi?

Qayd etganimizdek, pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar qo‘shimcha ravishda 4 770 000 so‘m mablag‘ to‘laydi.

Ushbu qo‘shimcha to‘lovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda o‘rindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, o‘rnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarni ta’minlash, 15 foiz Saudiya QQS solig‘i kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarimizga xizmat qiladi.

Mazkur to‘lovlar amalga oshirishda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida, “Aloqabank” ATning barcha filiallarida har kuni, hatto shanba va yakshanba kunlari ham qabul qilinadi.

  • Ma’lumot uchun, 2020 yil boshida Umra ziyorati uchun to‘lov miqdori 13 mln so‘m atrofida belgilangan edi. O‘zbekiston musulmonlar idorasining bugungi axborotida endi navbatga yozilayotganlar uchun to‘lov miqdoriga aniqlik kiritilmagan. Pandemiyadan oldin to‘lov qilganlar 4,8 mln so‘mga yaqin qo‘shimcha to‘lov qilayotganidan kelib chiqilsa, yangi narx 17,8 mln so‘m atrofida etib belgilanganini taxmin qilish mumkin.

Ziyoratchilar uchun qaysi vaksina bilan emlanish talab etiladi?

Umra safariga boruvchi fuqaro COVID-19ga qarshi Astra-Zeneca, Moderna, Pfizer yoki Jonson & Jonson vaksinalari bilan to‘liq emlanib, sertifikatga ega bo‘lishi lozim.