O‘zbekiston | 14:54 / 24.06.2022
21591
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘yliq bozorining hududi davlat ixtiyoriga o‘tkaziladi

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi rejalashtirilgan ko‘chmas mulk obektlariga belgilangan tartibda tovon puli beriladi. Bu yerda avtomobillar harakati uchun qo‘shimcha ko‘priklar qurilishi kutilyapti.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 22 iyun kuni tegishli qarorni imzolab, Qo‘yliq bozori joylashgan hududni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat berdi.

Qarorda mulklar kompensatsiya to‘langanidan keyin olib qo‘yilishi qayd etilgan.

Bozor yaqinidagi ko‘prikka Toshkent halqa avtomobil yo‘lidan kirish va chiqish imkonini beruvchi qo‘shimcha yo‘l o‘tkazgichlar quriladi. Qarordan ma’lum bo‘lishicha, bu taklifni hukumatga shahar hokimligi hamda Transport va Qurilish vazirliklari kiritgan. Hukumat 2021 yil 12 iyuldagi 387-m-sonli maxsus farmoyishi bilan, taklifni ma’qullagan.

Yo‘l o‘tkazgichlar qurish uchun Bektemir tumani Toshkent avtomobil halqa yo‘li bo‘ylab joylashgan quyidagi ko‘chmas mulk obektlari buziladi:

Manzil Mulkdor Haqiqiy yer maydoni, (kv.m.) Hujjat bo‘yicha yer maydoni, (kv.m.)
1 Bektemir tumani, Toshkent avtomobil halqa yo‘li “Triumvirat-Qurilish” MChJ 35144

35000

2 Bektemir tumani, Toshkent avtomobil halqa yo‘li “Qo‘yliq dehqon bozori” OAJ 8729

7100

3 Bektemir tumani, Toshkent avtomobil halqa yo‘li “Qo‘yliq dehqon bozori” OAJ 44254

53000

Mazkur obektlarni buzish qachondan boshlanishi, yo‘l o‘tkazgichlar qachon qurib bitkazilishi, ularni qurish uchun qancha mablag‘ ajratilishi, qurilish uchun qaysi kompaniyalar tanlab olingani ma’lum emas.

Hukumatning bir yil oldingi qarori rasmiy manbalarda, xususan, Milliy qonunchilik bazasida (Lex.uz) e’lon qilinmagan.

Qo‘yliq bozori va unga tutash ulgurji savdo maydoni buzilishi, bu yerdagi tadbirkorlar boshqa manzilga ko‘chirilishi 2021 yil dekabr oyida rezonansni keltirib chiqargandi. O‘shanda Bektemir tumani hududiga qo‘shilgan joyda yangi qurilgan Food City majmuasiga ko‘chishga majburlangan savdogarlar u yerda ijara narxlari haddan tashqari qimmatligi, do‘konlar maydoni juda kichikligidan shikoyat qilgandi. Ularga 1 yanvardan yangi bozorga ko‘chishmasa, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishlari haqida ogohlantirish berilgandi.

Bozor buzilishidan norozi bo‘lgan bir guruh sotuvchilar bozor yonidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini to‘sishga urindi, keyinroq ularning 5 nafari ma’muriy qamoqqa olingandi.

2021 yil dekabr oyida e’lon qilingan loyiha / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Shahar hokimligi o‘z qarorini “poytaxtdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish” bilan izohlagan.

Bektemir hokimi Tapil Mahamadziyoyev bozor ko‘chishi sabab Toshkent shahri bo‘yicha oziq-ovqat narxlarida “biroz o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin”ligini tan olib, ko‘chish ishlari bosqichma-bosqich olib borilishini aytgan edi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid