Jamiyat | 17:30 / 25.09.2022
19874
5 daqiqa o‘qiladi

Jamoatchilik g‘alabasi: omma fikri bilan hisoblashilayotgani rostmi?

Har qanday demokratik davlat borki aholining fikri muntazam o‘rganilib boriladi. Muhim siyosiy masalalar bo‘yicha to‘laqonli institutlar ishlaydi, jamoatchilik kayfiyati, trendga chiqqan masalalar kuzatiladi, rahbariyatga muntazam axborot va yechimlar borasida takliflar kiritiladi. O‘zbekistonda ham shunday jarayonlar yo‘lga qo‘yilayotgani quvonarli. Bunday deyishga asos bor – jamoatchilik fikri bir necha yo‘nalishlarda konkret natijalarga erishdi.

Foto: Cemile Bingol/Getty Images

Tonirovka

Bu masala ham juda uzoq “chaynaldi”. Qiziq jihati – ma’lum onlarda hatto UzAuto Motors monopoliyasidan ham ko‘proq muhokama qilindi. Avtomobili borlar ham, yo‘qlar ham shu qadar norozilik bildirishdiki, “baxt mezoni qoraytirilgan oynada” deb o‘ylab qolish darajasiga yetildi.

Va nihoyat bu yerda ham muammo prezident darajasiga olib chiqildi va bir kunda, bir daqiqada yechim topdi. 1 iyuldan avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish bepul bo‘ldi, old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtirildi. O‘sha kunlari bir ajiotaj bo‘lgani rost. Ammo hozirga kelib tonirovka qilish ham, unga qiziqish ham ancha susaygan. Aslini olganda o‘sha taqiqlar va qimmat narxlargina katta e’tiborni jalb qilib turgani ayon bo‘lmoqda.

Maktab formasi

Har mavsumda takror bo‘ladigan bu muammo aslida tugal yechilmagan. Shunchaki tish og‘rig‘i qoldirildi, davolanmadi. Chunki maktab formasi bo‘yicha qaror amalda, unga ko‘ra ro‘mol masalasi ochiq turibdi. Har bir maktab rahbari vaqti kelsa antiqahramonga aylanib qolishi mumkin.

Maktab formasi, ayniqsa ro‘mol yoz bo‘yi muhokama markazida bo‘ldi va maktablar ochilishi oldidan yechim topildi. Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov milliy qadriyatlardan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishi man etilmasligini bildirdi. Ammo tez orada bu bayonot hukumat qaroriga zidligi esga olindi.

Yana vazirning o‘zi bu masala ham yechilishini ma’lum qildi va joriy yil 8 avgust kuni hukumat qaroriga tegishli o‘zgarishlar albatta kiritilishi, bu faqat vaqt masalasi ekanini aytdi.

Ekologik faollik

Bu ko‘proq global muammoning lokal ko‘rinishlariga jamoatchilikning keskin reaksiyasi bilan namoyon bo‘lmoqda. Daraxtlar kesilishi, ularga zarar yetkazilishi hamon katta masshtablarda davom etayotgan bo‘lsa-da, holatlarga aholi noroziligi aks etishi, buning ortida turli choralar ko‘rilishi ham ko‘p ko‘zga tashlanyapti.

Eng ko‘zga ko‘rinarli holat poytaxtning Chilonzor tumanida sodir bo‘ldi. Chilonzor ko‘chasidagi daraxtlarga zarar yetkazilishi ortidan nafaqat hokim, balki tuman prokurori ham lavozimidan chetlatildi. Katta shov-shuv ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay bu holat yanada og‘irroq shaklda qaytarildi. Chilonzorda joylashgan shahar prokuraturasining shundoqqina ro‘parasida “Dream House Stroy” MChJga tegishli, qurilish uchun ajratilgan 0,20 gektar yer maydonidagi 58 dona har xil turdagi manzarali daraxt bir kechada kesib tashlandi. Tez orada tabiatga yetkazilgan 797,7 mln so‘m zarar quruvchi tashkilot rahbari tomonidan to‘liq qoplangan, jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi shaxs ushlangani ma’lum qilindi.

Kesayotganlar shu jarimaga tortilishi, yana tergovda ham ozgina ovora bo‘lishlarini yaxshi bilishgani aniq. Yerdan, qurilishdan keladigan daromad bu “mayda-chuydalar”ga chidashga arziydi.

Kitoblar ijarasi

Juda katta shov-shuv ko‘targan va juda jiddiy natija. O‘zi kitoblar ijarasi uchun pul undirish 20 yildirki amal qilib kelayotgandi. Ko‘pchilik buni bepul ta’lim kafolatlangan konstitutsiyaga zid hisoblar, ozchilik esa bosh qomusda aynan ta’lim nazarda tutilgani, kitoblar va boshqa ashyolar uchun to‘lov zarurligini ta’kidlardi.

2022-2023 o‘quv yilida bu masala katta muhokamalar markaziga chiqib ketgani kitoblar ijarasining birdaniga 3 barobardan ortiq qimmatlab ketishi jiddiy noroziliklar keltirib chiqardi. Dastlab tegishli vazirlik va tashkilotlar bu holatni turli shaklda izohlashga harakat qilishdi. Ammo jamoatchilik bosimi susaymadi va yana masala eng yuqori darajaga olib chiqildi va prezident nafaqat bu yil, balki kelajakda ham darsliklar bepul berilishi, xarajatlar budjetdan qoplanishi zarurligi bo‘yicha topshiriq berdi. Bu qaror aholi o‘rtasida xursandchilik bilan kutib olindi.

O‘zbekistonda jamoatchilik fikri bilan ishlash tajribasi endi shakllanib bormoqda. Uzoq yillar davomida bu narsaga e’tibor berilmagan, panja ortidan qaralgan. Albatta, hozircha yutuqlar ham kamtarona. Avtomobillar ishlab chiqarish monopoliyasi, rastamojka, “O‘zbekiston havo yo‘llari” narxlari va tanlov qoldirmayotgani, korrupsiya ortidan yuqori eshelonlarda tergovlar boshlanmagani afsuslanarli. Lekin umid bor, eng muhimi – jamoatchilik fikri tosh bosa boshladi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid