O‘zbekiston | 00:40 / 31.10.2022
14959
5 daqiqa o‘qiladi

“Shaxmatchilarimiz bu yil orzumiz tomon ulkan qadam qo‘ydilar” – Saida Mirziyoyeva

30 oktyabr kuni Toshkentda «Zakovat-Gambit» turnirining 2-mavsum final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Kun davomida bahslarda qatnashgan 83 nafar ishtirokchi orasidan g‘oliblar saralandi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Foto: Zakovat

Taqdirlash marosimida ishtirok etgan Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlab, bir yil avval o‘tkazilgan “Zakovat-Gambit” musobaqasini esladi.

“Bundan bir yil avval, ilk bor “Zakovat-Gambit” musobaqasi o‘tkazilganida, orzumiz ro‘yobga chiqishi uchun zamin yaraldi – biz jahonning Shaxmat poytaxtiga aylanishni niyat qildik. Shaxmatda yetakchi bo‘lishni maqsad qildik!

Shaxmatchilarimiz bu yil orzumiz tomon ulkan qadam qo‘ydilar – O‘zbekiston tarixda ilk marotaba shaxmat bo‘yicha yetakchi 20 davlat qatoriga kirdi!

Deyarli to‘rt ming o‘yinchi ro‘yxatdan o‘tgan birinchi “Zakovat-Gambit”da bizning shaxmat o‘yinidagi ajoyib mahoratimiz va bu o‘yinga bo‘lgan muhabbatimiz yaqqol namoyon bo‘ldi”,– deya ta’kidladi u.

Foto: Zakovat

Mirziyoyeva xonim joriy yilda o‘zbekistonlik shaxmatchilarning Hindistonda o‘tgan 44-shaxmat olimpiadasidagi yutuqlarini ham alohida e’tirof etdi.

“Bu g‘alabani butun dunyo kuzatdi, xalqaro shaxmat hamjamiyati yigit-qizlarimizni olqishladi. Bir paytlar eng kuchli shaxmatchilarni boshqa davlatlardan taklif qilardik. Endi esa, o‘zimiz jahonning eng oldi qatoridamiz.

Biz g‘oliblarimizni haqiqiy qahramonlardek qarshi olamiz. Chunki, ular barchani g‘alabaga ruhlantiradilar; aql-idrok - hech kim, hech qachon tortib ololmaydigan yagona qadriyat ekanligini namoyish etadilar; bilim olgan va orzusiga intilgan inson bir kun albatta baxtli bo‘lishini o‘zlari namuna bo‘lib isbotlaydilar.

Men aniq bilaman va ishonamanki, haqiqiy qahramonlar aynan shunday bo‘ladi”, deya Saida Mirziyoyevadan iqtibos keltirmoqda tadbirni kuzatib borgan Kun.uz muxbiri.

Saida Mirziyoyeva tadbirdagi chiqishi davomida Toshkentni shaxmat poytaxtiga aylantirish yo‘lida yana ko‘plab qadamlar tashlanishiga umid bildirgan.

Foto: Zakovat

Bundan tashqari, taqdirlash marosimda Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov ham qatnashib, o‘zbek yoshlarini katta orzu-maqsadlar qilishdan qo‘rqmaslikka undadi.

“Bu yilgi shaxmat turniri uchun, ahamiyat bergan bo‘lsangiz, xorijdan hech kimni taklif qilganimiz yo‘q. Oldingi yil taklif qilingan edi, lekin bu yil unday bo‘lmadi. Nimaga? Chunki chempionlar o‘zimizdan chiqmoqda, dunyo tan olayotgan asosiy chempionlar ham o‘zimizning yigitlar, o‘zbekistonlik yoshlardir.

Shuning uchun bir fikrni fursatdan foydalanib aytaman, zakovatli yoshlarimiz hech qachon shubha qilmasliklari kerak. Ya’ni oldilariga qo‘ygan maqsadlari, orzu va niyatlariga qarab; “bunga men erishishim mumkinmi yoki yo‘q, bunday darajaga chiqish osonmi yoki qiyin”,– deb hech qachon o‘zini chetga tortishi kerak emas.

Mana bizning yigitlarimiz ham o‘zi ustida ishlasa, har qanday yo‘nalishda ham dunyoning yetakchi mutaxassislari bilan tenglasha olyapti. Bugungi tadbirning asosiy mujdasi ham aslida shu. Haqiqatda zakovatda – kuch, haqiqatda O‘zbekiston yoshlarida – kuch. Hammangizni bu tadbirda, g‘oliblarimizni taqdirlash marosimida ko‘rib turganimdan xursandman”,– deya qayd etdi Komil Allamjonov.

Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 10–15 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan “Zakovat-Gambit” turnirining mukofot jamg‘armasi 610 million so‘mni tashkil etgandi.

Shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari Vishvanatan Anand, Rustam Qosimjonov, shaxmat qirolichasi Yudit Polgar, 2016 yilda o‘yin seansidagi partiyalar soni bo‘yicha shaxmat jahon rekordini o‘rnatgan (48 o‘yin) Timur Gareyev, 2018 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionati ikkinchi o‘rin sovrindori hamda 2019 yilda jahonning eng yaxshi 30 shaxmatchisi qatoridan joy olgan Gulruxbegim Tohirjonova ilk turnirnnig faxriy mehmonlari bo‘lishgandi.

Turnir yakunlariga ko‘ra, o‘z guruhlarida 1-o‘rinni olganlarga 50 mln, 2-o‘rin egalariga 30 mln va 3-o‘rindan joy olganlarga 20 mln so‘mdan pul mukofotlari berilgandi. Shuningdek, qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda ajoyib ishtirok etgan 4 nafar qizning har biri 20 mln so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlangan.

Дилшода Шомирзаева
Tayyorlagan Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid