Jahon | 18:01 / 17.11.2022
19528
9 daqiqa o‘qiladi

«Baribir Rossiya aybdor». Polshaga raketa qulashiga G‘arb qanday reaksiya qilmoqda?

G‘arbdagi siyosatchilar Polshaning Ukraina bilan chegara yaqinidagi Pshevoduv qishlog‘iga raketa qulashi bo‘yicha hodisa tafsilotlarini sinchiklab tekshirishga chaqirmoqda va eskalatsiyadan xavfsirashmoqda. Rossiya qulagan raketa ukrainlarniki bo‘lganini ta’kidlashda davom etmoqda, G‘arbdagilar esa bu hodisada baribir Moskvani aybdor deb hisoblashlarini aytishmoqda - chunki 15 noyabr kuni aynan rossiyalik harbiylar Ukraina hududlarini o‘qqa tutgandi.

Foto: Getty Images

Pshevoduvga seshanba kuni kechqurun raketa quladi, portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Chorshanbaga o‘tar kechasi Polsha hukumati bu rossiyaliklar ishlab chiqargan raketa ekanini ma’lum qildi.

Keyinroq Associated Press agentligi amerikalik mulozimlarga asoslangan holda raketani ukrainalik harbiylar rossiyaliklar raketasini urib tushirish uchun uchirgani taxmin qilinayotgani haqida xabar berdi - o‘sha kuni Rossiya Ukraina hududlari bo‘ylab yana bir bor yoppasiga raketa zarbalari yo‘llagandi va bu urush boshidan buyon eng keng ko‘lamli zarbalar bo‘lgandi.

Polsha prezidenti Andjyey Duda chorshanba kuni tvitterida hodisa Polshaga qasddan qilingan hujum sifatida ko‘rilmayotgani va gap havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi qulashi haqida ketayotganini yozdi.

O‘sha kungi hujumlar oqibatida Ukrainaning katta qismi elektr ta’minotisiz qoldi, Kiyev markazida esa uchta turar joy binosi shikastlangan. Qo‘shni Moldova bosh vaziri o‘rinbosari Andrey Spinu rossiyaliklarning Ukrainaga zarbalari oqibatida Moldovada elektr ta’minotida muammolar yuzaga kelayotganini aytdi.

«Faqat Rossiya javobgar»

Raketa ukrain harbiylari tomonidan rossiyaliklarnikini urib tushirish uchun uchirilgani taxmin qilinayotgani haqida xabar paydo bo‘lgach, vaziyatni Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Mixaylo Podolyak izohladi. U ro‘y bergan hodisa uchun javobgarlikni Rossiya zimmasiga yukladi.

«Ukrainadagi urush va yoppasiga raketa zarbalari uchun faqat Rossiya javobgar. Chegaradosh mamlakatlar uchun xavf ortishi ortida faqat Rossiya turibdi. Bahona izlash va hal qiluvchi qarorlarni keyinga qoldirishning hojati yo‘q», deya yozdi u tvitterida va Yevropani Ukraina osmonini yopishga chaqirdi.

Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak ham Indoneziyadagi G20 sammiti matbuot anjumanida chiqishi chog‘ida shu kabi fikrlarni bildirdi. Xususan, u Rossiya Ukrainaga bosqin uchun javobgarligiga urg‘u qaratdi.

«Agar Rossiyaning Ukrainaga bosqini bo‘lmaganida bularning hech biri ro‘y bermasdi», degan u Polshadagi hodisani «Putin urushining beshafqat va ayovsiz realligi» deb atadi.

Britaniya bosh vaziri ofisi 16 noyabr kuni u va uning kanadalik hamkasbi Jastin Tryudo Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon muloqotida Polshaga raketa zarbasi to‘laqonli tekshirilishi lozimligini qayd etishgani haqida xabar bergan.

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte Pshevoduvga raketa qulashini izohlar ekan, Polshadagi hodisa Rossiya o‘sha kuni Ukraina hududi bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘llashi oqibati bo‘lganini ta’kidlagan.

«Shunisi aniq: agar Rossiyaning Ukraina bo‘ylab dahshatli raketa zarbalari bo‘lmaganida bu ro‘y bermasdi. Biz Ukrainani uning Rossiya tajovuzidan himoyalanishida qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», deya yozdi u tvitterida.

Germaniya kansleri Olaf Shols Polshadagi hodisani «dahshatli voqea» deb atadi va xulosalar chiqarishdan oldin sinchiklab tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. U shuningdek «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Ukraina infratuzilmalariga doimiy va behisob miqdorda yo‘llanayotgan raketalari bo‘lmaganida» Polshadagi hodisa ham ro‘y bermagan bo‘lishini aytgan.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Pshevoduvga raketa zarbasi yo‘llangach, NATOni Polsha-Ukraina chegarasiga, shuningdek, alyans sharqiy qanotining qolgan qismiga katta miqdorda havo hujumidan mudofaa tizimlarini o‘rnatishga chaqirdi.

«NATO osmoni 100 foizga himoyalanishi kerak. Litva Polsha-Ukraina chegarasi bo‘ylab NATO havo hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirilishini faol qo‘llab-quvvatlaydi», degan Nauseda jurnalistlarga.

Latviya mudofaa vaziri Artis Pabriks chorshanba tongida mahalliy televideniyedagi chiqishi chog‘ida hodisaning uch ehtimoliy sababini sanab o‘tdi: «Bu Rossiya hududidan yoki rossiyaliklar samolyotidan uchirilgan raketa bo‘lishi mumkin. Bu Belarusdan turib uchirilgan raketa bo‘lishi mumkin. Bu rossiyaliklar raketasini urib tushirishga uringan ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bo‘lishi mumkin».

U ro‘y bergan hodisa haqida xulosa qilish va to‘g‘ri javob qaytarish uchun sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan.

«Ammo biz doim yodda tutishimiz kerakki, agar Rossiyaning Ukrainaga jinoiy bosqini bo‘lmaganida, biz kecha kechqurun va bugun tongda bu raketa haqida aytmayotgan bo‘lardik. Bu mutlaqo aniq», deya Pabriksning so‘zlarini keltirgan Delfi.

«Rossiya raketa zarbalarining o‘zi – eskalatsiya»

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, AQSh prezidenti Jo Bayden va Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Indoneziyadagi favqulodda yig‘ilish chog‘ida. Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden Polshadagi hodisa munosabati bilan chorshanba kuni «Katta yettilik» va NATO yetakchilarining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Uchrashuvdan keyingi chiqishida u Pshevoduvga tushgan raketa Rossiyadan uchirilgani ehtimoli kamligini aytdi, ammo Polshaga tekshiruv ishlarida yordam ko‘rsatilishini va’da qildi.

Jurnalistlarning raketa Rossiyadan uchirilgani ehtimoli bo‘yicha aniqlashtiruvchi savoliga Bayden «buni rad etuvchi dastlabki ma’lumot borligi»ni aytdi. «Trayektoriya liniyasiga ko‘ra bu Rossiyadan uchirilgani ehtimoli kam, ammo yana ko‘ramiz», degan amerikaliklar prezidenti.

Polshadagi holat AQSh va uning ittifoqchilari to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga tortilishi xavfini ko‘rsatib berdi - Bayden va uning ma’muriyati bu variantdan qochishga urinib kelayotgandi, deya yozadi Amerikadagi The Washington Post gazetasi.

«Polsha alyans a’zosi ekan, ushbu davlatga hujum ro‘y bergan taqdirda, kelishuvga ko‘ra Qo‘shma Shtatlar uni himoya qilishi kerak», deya izohlaydi gazeta.

Yevropalik yuqori martabali diplomatlardan biri gazetaga aytishicha, Polshadagi hodisa Rossiyaning qasddan qilingan hujumiga o‘xshamagan. Shu bilan birga, u yakuniy xulosaga kelish uchun ko‘proq ma’lumot yig‘ilishi lozimligini qayd etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday holatda ham 15 noyabr kuni amalga oshirilgan yoppasiga zarbalarni vaziyatning keskinlashuvi sifatida baholash mumkin, chunki Polsha hududiga ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi tushgan bo‘lsa ham, kelgusida bunday hodisalar ro‘y berishi ehtimoli oshgan.

Pentagonning sobiq yuqori martabali xodimi Jim Taunsendning gazetaga aytishicha, agar raketa Polsha qishlog‘iga tushishi tasodif deb topilsa, AQSh katta ehtimol bilan bu hujumni qoralaydi va Polsha havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi. Uning fikricha, NATO har qanday qarorni obdon o‘ylab ko‘radi. «Hatto 11 sentabrdan keyin ham teraktlar «Al-Qoida» tomonidan sodir etilganiga ishonch hosil qilish uchun bir necha kun ketgandi», deya eslatadi u.

«Tinchlaning, bu urush emas»

Polshadagi kundalik gazetalardan biri, konservativ qarashlarni ifoda etuvchi Rzeczpospolita nashri mamlakat fuqarolarini «xotirjamlik va sabrli bo‘lish»ga chaqirib, Polsha hukumatining va NATO blokining reaksiyasi oqibatlarini hisobga olish zarurligini ta’kidladi.

«Rossiyaliklar bizning reaksiyamizni diqqat bilan kuzatib bormoqda: harbiylar nima qilayotgani, davlat va jamiyat qanday munosabatda bo‘layotganini. Ishonavering, ular xulosalar qilishadi. Agar ular bu kabi hodisalardan mamlakatimizda barqarorlik keltirib chiqarishda foydalanish mumkin deb topishsa, buni e’tiborga olib qo‘yishadi. Ammo agar ular Polsha va polyaklar o‘zini sovuqqon tuta olishini ko‘rishsa, ular bu kabi hodisalar istalgan natijani bermasligini tushunishadi», deya yozadi gazeta.

Rzeczpospolita nashrining boshqa bir eslatmasida shunday deyiladi: «Tinchlaning, bu urush emas». Mualliflar fikricha, Pshevoduvdagi kabi hodisa ro‘y berishini kutish mumkin edi, chunki qo‘shni Ukraina «qonli urush» olib bormoqda, Rossiya esa «bu mamlakatni yoppasiga raketa zarbalari bilan terror qilmoqda».

«Shuning uchun Polsha ham buni his qilganiga hayron bo‘lmaslik kerak», deya yozadi gazeta.

Mavzuga oid