Jahon | 15:26 / 05.01.2023
20426
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti o‘z daromadidan 2,5 barobar qimmatroq kiyinadi – OAV

Qirg‘iziston 24.kg nashrining yozishicha, mamlakat prezidenti Sadir Japarov 2022 yilda qariyb 2,5 mln somlik ( qariyb 328 mln o‘zbek so‘mi) yoki yillik daromadining 2,5 barobariga teng qiymatdagi kiyimlarda jamoatchilikka ko‘rinish bergan.

Qirg‘iziston Soliq xizmati tomonidan e’lon qilingan deklaratsiyaga ko‘ra, mamlakat prezidenti Sadir Japarov 2021 yilda 997,8 ming som (qariyb 140 mln o‘zbek so‘mi) daromad olgan. Bu prezidentning oylik maoshi 83,1 ming somni ( taxminan 10 mln 908 ming so‘m) tashkil etganini anglatadi, deya yozmoqda 24.kg.

«Uning 0,6 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi va garaji bor, xolos. Ko‘chmas mulk yoki transport vositasi haqida ma’lumot berilmagan. Davlat rahbarining eng yaqin qarindoshlari daromadlari va mol-mulki haqida ham ma’lumot yo‘q», - deyiladi 24.kg xabarida.

Nashrning qayd etishicha, Sadir Japarov Qulanak GES qurilishiga kapsula qo‘yish marosimida kiygan bitta kurtkaning bahosi uning yillik daromadidan oshib ketadi. Ushbu kurtkaning narxi 1 million 264 ming som (qariyb 166 mln o‘zbek so‘mi) yoki Qirg‘iziston davlat rahbarining 15ta maoshiga teng.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Sadir Japarov oktabr oyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Italiya Loro Piano brendining nutria mo‘ynali 15,3 ming dollarlik kurtkasida ko‘rinish bergan. Ammo bu kurtka prezident garderobidagi yagona qimmatbaho kiyim emas.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy kengashining yakuniy yig‘ilishiga Sadir Japarov bahosi oylik maoshidan qimmatroq bo‘lgan Fransiyaning Christian Louboutin brendiga tegishli qizil tagcharmli tuflida borgan. Bundan avvalroq esa u narxi oylik daromadidan olti baravar yuqori — 5900 dollarni tashkil etuvchi Italiyaning Stefano Ricci brendidan kurtka kiygan holda Bishkek bozorlarini aylanib chiqadi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

2022 yil avgust oyida Qirg‘iziston prezidentining Ermenegildo Zegna brendidan taxminan 5000 dollarlik, ya’ni Sadir Japarovning oylik maoshidan deyarli besh baravar qimmat turadigan kardigan kiygani ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari muhokamasiga sabab bo‘ladi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

2022 yil yanvar oyida Sadir Japarov va birinchi xonim Oygul Japarova Qorako‘ldagi tog‘-chang‘i kurortida dam oladi. U yerda ham ular qimmatbaho kurtkalarni kiygan: davlat rahbari egnida 1099 yevroga teng Lynn brendiga tegishli kurtka, birinchi xonim esa Toni Sailer brendining taxminan 1700 dollar turadigan kurtkasida bo‘lgan.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Nashrning yozishicha, birgina o‘tgan yilning o‘zida Sadir Japarovning garderobida qariyb 2 million 500 ming somlik kiyimlar ko‘zga tashlangan. Bu uning yillik daromadidan 2,5 barobar ko‘p.

«Prezidentning eng yaqin qarindoshlari mol-mulki va daromadi ko‘rsatilmagani bois, davlat rahbari bunday pullarni qayerdan olayotgani noma’lumligicha qolmoqda», - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ham davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish 2022 yil 1 yanvardan boshlanishi kerak edi, qaysi amaldor qancha daromad olgani va qancha mulki borligi ochiq e’lon qilinishi aytilgandi. Ammo belgilangan muddat tugaganiga 1 yildan oshib ketgan bo‘lsa-da, bu tizimga o‘tilgani yo‘q.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid