O‘zbekiston | 17:38 / 18.01.2023
35168
3 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt deputatlari Ortiqxo‘jayevga minnatdorchilik e’lon qildimi?

17 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining Telegram-kanalida poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga minnatdorchilik izhor qilingan murojaat e’lon qilindi. Keyinroq, murojaat o‘chirib tashlandi va kengash raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matiboyev deputatlar bunday bayonot bermaganini yozib chiqdi.

Foto: Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati

«Hurmatli Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayev, 2019−2023 yillarda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi raisi sifatidagi faoliyatingiz davomida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlarini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur aytamiz.

Xususan, bu davrda siz tomoningizdan bildirilgan takliflar asosida deputatlar tomonidan olib borilgan ishlar natijasida aholining ayniqsa ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olingani xalqimizning deputatlarga bo‘lgan ishonchini oshirgani alohida e’tiborga loyiqdir.

Sizga, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlari tomonidan Toshkent shahrimiz ravnaqi yo‘lida qo‘shgan hissangiz va mashaqqatli mehnatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz», — deyiladi murojaatda.

Shuningdek, murojaatga Jahongir Ortiqxo‘jayevning fuqarolar qabulidan lavhalar aks ettirilgan 6 daqiqalik videorolik ham ilova qilingan.

Keyinroq, bu post kanaldan o‘chirib tashlandi. Kengash raisi o‘rinbosari Toshpo‘lat Matiboyev esa hech qanday yig‘ilish bo‘lmagani hamda deputatlar nomidan sobiq hokim to‘g‘risida bayonot berilmaganini ta’kidladi.

«Hurmatli Toshkent shahar fuqarolari! Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining murojaatnomasi bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, 16-17 yanvar kunlari xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining hech qanday yig‘ilishi bo‘lib o‘tmadi va kengash deputatlari nomidan Toshkent shahar sobiq hokimi J.Ortiqxo‘jayev to‘g‘risida bayonot berilmaganini bildiramiz», – deyiladi Matiboyevning murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar kuni energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan olgan edi.

Quruq gap bilan, yolg‘on «svodka» bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», – deya o‘z qarorini izohlagandi prezident.

Toshkent shahriga vaqtincha rahbarlik uning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga topshirildi.

Mavzuga oid