O‘zbekiston | 23:24 / 07.03.2023
35639
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘smirlar tomonidan «Anti Ryodan» harakati tashkil etilgani aniqlandi

Ular «Ryodan» harakatiga qarshi kurashmoqchi bo‘lgan. 

Toshkent shahrida bir guruh o‘smirlar tomonidan «Ryodan» harakatiga qarshi «Anti Ryodan» harakati tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar  IIBB videolavha tayyorladi. 

Qayd qilinishicha, o‘ttizdan ortiq yoshlar «Anti Ryodan» harakatini tashkil qilib, buzg‘unchilik g‘oyalarini ilgari surayotganlarga qarshi kurashmoqchi bo‘lgan.  

«Biz alohida guruh tashkil qildik. Uning ishtirokchilari «Ryodan» harakati g‘oyalari hech qanday foyda keltirmasligi va davlatga xavf tug‘dirishi mumkinligini tushunib yetdi», deydi guruh a’zosi videolavhada.

«Ryodan» harakati haqida internetdan to‘liqroq ma’lumot oldik. O‘rganish jarayonida harakat a’zolari dinimiz, davlatimiz haqida yomon gaplar gapirganini ko‘rdik. Eng yomoni, ular ko‘chada ketayotgan yoshlarga pichoq berib, odamlarga qarshi chiqish kerakligini, urib pichoqlash kerakligini uqtirgan. Shundan so‘ng «Anti Ryodan» harakatini tuzish xayolimizga keldi. Ijtimoiy tarmoqda guruh ochdik, o‘ttiztacha odam yig‘ildi. U yerga bitta «ryodan»chi qo‘shilib olib, yakshanba kuni barchangizni yo‘q qilamiz deb do‘q urdi», deydi guruh asoschilaridan biri videolavhada. 

Toshkent shahar IIBB bunday harakatlar tashkilotchilari aholi orasida adovat va vahima uyg‘otishga urinayotganini ta’kidladi. 

«Ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot xuruji avj olmoqda. Turli oqimlarning paydo bo‘lishi ortidan g‘arazli niyatdagi shaxslar bu oqimlarni boshqarishga, buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qilishga, aholi orasida adovat va vahima uyg‘otishga harakat qilmoqda. Har bir holat o‘rganiladi va qonuniy baho beriladi», deyiladi IIBB videolavhasida. 

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5 mart kuni Toshkent shahrining Xalqaro forumlar saroyi binosi yonida ellikka yaqin o‘smir to‘planib, «Ryodan» submadaniyatiga qo‘shilish haqida turli shiorlar bilan chiqishgan edi. 

Mavzuga oid