Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avdiyivkadan majburiy evakuatsiya va Baxmut uchun janglar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 413-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- The Washington Post Ukraina bahorgi qarshi yurishni ortga surgani haqida xabar berdi. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal ham qarshi hujum yozda boshlanishi mumkinligini aytgan.
- Rossiya Federatsiya kengashi armiyaga elektron chaqiruv qog‘ozi va xizmatdan «bo‘yin tovlovchilar» to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Endi uning kuchga kirishi uchun Vladimir Putin tomonidan imzolanishi yetarli bo‘ladi.
- Washington Post Pentagonning ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan maxfiy hujjatlariga tayanib xabar berishicha, 2023 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi dargumon.
- Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik harbiylar ukrainalik harbiy asirni shafqatsizlik bilan o‘ldirayotgani aks etgan video tarqaldi. «Vagner»ning sobiq a’zosi, Norvegiyaga qochib ketgan Andrey Medvedev videoda qatlni amalga oshirganlar sobiq xizmatdoshlari ekanini aytgan.
- Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlangach, oilasi bilan Rossiyani tark etgan Alla Pugachyova ustidan RF Bosh prokuraturasiga chaquv yozib berildi, unda qo‘shiqchi go‘yoki Ukraina qurolli kuchlarini moliyalashtirgani aytilgan.
- Davlat dumasi 18 yoshga to‘lganlar maktabni bitirgach, armiyada uch oy xizmat qilmasdan turib ham shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb qilinishiga ruxsat berdi.
- AQShning sizdirilgan maxfiy hujjatlariga ko‘ra, Serbiya Ukrainaga qurol yetkazib berishga rozilik bildirgan. Rasmiy Belgrad Ukrainaga qurol sotmaganini ta’kidlamoqda, ammo shu bilan o‘z qurollari «sehrli tarzda» u yerga borib qolishini istisno etmagan.
Baxmut uchun jang
Ukrainlarning qarshi hujumi ortga surilayotganida «Vagner» XHK Baxmutda ilgarilashda davom etmoqda. Anneksiya qilingan «DXR» rahbari Denis Pushilin va Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) baholariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini shaharning 75 foizdan ortiq hududini nazorat qilmoqda — g‘arbiy chekkalaridan boshqa deyarli butun hududini.
12 aprel kuni holatiga ko‘ra, shimoli-g‘arbda yollanma jangchilar Xromovo tomonga yurish qilmoqda, Baxmutning g‘arbidagi ukrain garnizonini «katta yer» — Kiyev hukumati nazoratidagi Ukrainaning asosiy hududi bilan bog‘lovchi «hayot yo‘li» Xromovo orqali o‘tadi. Ukraina QK bosh shtabining 13 aprel kungi svodkasida aytilishicha, ukrain harbiylari o‘tgan kun davomida Xromovodan shimolda, shuningdek Baxmutning o‘zida va bu yo‘nalishning boshqa uchastkalarida uyushtirilgan hujumlarni qaytargan.
Oleg Petrasyuk / EPA / Scanpix / LETA
Iryna Rubakova / AP / Scanpix / LETA
Iryna Rubakova / AP / Scanpix / LETA
Iryna Rubakova / AP / Scanpix / LETA
Avdiyivkadan evakuatsiya
Avdiyivka — Baxmutdan janubda va Donetskdan taxminan 20 kilometr shimolda joylashgan front bo‘yidagi shahardir. Mart oyidayoq mahalliy rasmiylar evakuatsiya haqida e’lon qilgan. Avdiyivka keng ko‘lamli bosqin boshidan buyon muntazam ravishda o‘qqa tutib kelinadi, shahar fuqarolik-harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Barabashning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda butun bino qolmagan.
Avdiyivka muntazam ravishda aviazarbalarga uchrayotgan bo‘lsa-da, shaharda 1,8 ming atrofida odam qolgan (Rossiya bosqiniga qadar bu yerda 32,5 ming kishi yashardi). Ukraina hukumati bu yerda uchrayotgan muammolardan biri – aholi uylarini tark etishdan bosh tortishi bilan bog‘liq. Donetsk oblasti politsiyasi spikeri Oleksandr Gavrilko TCH.ua nashriga bergan intervyusida yarim yil mobaynida evakuatsiyadan yashirinib yotgan, yosh bolalari va qariyasi bo‘lgan oila qutqarilgani haqida aytgan.
«Avdiyivkada otishma va yong‘in oqibatida besh oylik bola halok bo‘lgan holat ham bo‘ldi. Bundan bir kun oldin biz ushbu bolaning onasini evakuatsiya bo‘lishga undagandik, ammo u rad etgandi. Yakunda bu bola va buvisi halok bo‘ldi, ona esa otasi bilan birga omon qoldi. Bundan oldin ushbu ayol bizga uyini o‘zi qurgani va bunda unga biz yordam bermaganimiz uchun ketishni istamasligini aytgandi. Bu o‘zining qat’iy pozitsiyasi ekanini ta’kidlagandi. Bir kun o‘tib uning chaqalog‘i halok bo‘ldi», — degan Gavrilko.
Avdiyivkada bolalar qarindoshlari bilan birga majburan evakuatsiya qilinmoqda. Donetsk oblasti politsiyasi qayd etishicha, ayrim ota-onalar bolalarini yashirib qo‘ymoqda va qasddan yashash manzillarini o‘zgartirmoqda.
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Lvivda komendantlik soati
Lviv oblastida, butun Ukrainada bo‘lgani kabi, har tunda komendantlik soati amal qilmoqda. Lvivda bu yarim tundan soat beshga qadar davom etadi. Bu vaqtda ko‘chaga chiqish va maxsus ruxsatnomasi bo‘lmagan istalgan transportda harakatlanish taqiqlanadi.
Ukrainadagi pravoslavlar va grek-katoliklar Pasxani nishonlaydigan dam olish kunlarida — bu keng ko‘lamli urush davridagi ikkinchisi — komendantlik soati bekor qilinmaydi.
Omar Marques / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Omar Marques / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press