Internetda boshi kesilgan harbiy xizmatchilarning dahshatli videolari paydo bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, ular ukrainalik. Taxminlarga ko‘ra, bu vahshiy qotilliklar Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilgan. Ikki video ham ochiq manbalarda mavjud, tahririyat axloqiy sabablarga ko‘ra ularga havola bermaydi.
Birinchi bir yarim daqiqalik videoda oq lentali (odatda Ukrainadagi rus harbiylari tomonidan identifikatsiya uchun ishlatiladi) va niqob taqqan harbiy kiyimdagi odamlar Ukraina nishoni tushirilgan formadagi tirik odamning boshini kesib tashlagan.
Videoda rus harbiylaridan biri ratsiya orqali muzokaralar olib borgan va ikkinchisiga (pichoq bilan qotillik qilganga) ko‘rsatmalar bergan. Suhbat rus tilida olib borilgan.
Yerda yotgan sariq lentali formadagi (urush davrida bunday lentalardan Ukraina harbiylari foydalanmoqda) erkak qichqirib, rahm-shafqat so‘ragan: «Og‘riyapti! Kerakmas!» Yaqin atrofdagi odamlar pichoqli qotilni olqishlagan.
Keyin video ishtirokchilari kameraga Ukraina nishonlari tushirilgan zirhli nimchani ko‘rsatadi, shundan so‘ng: «Sumkaga *****. Komandirga yuborilsin» degan ibora yangraydi.

Videoning haqiqiyligi hali rasman tasdiqlanmagan. Videoda yorqin yashil barglar ko‘ringan, shuning uchun bu videoyozuv o‘tgan yili yozda yozib olingan bo‘lishi ham mumkin.
Bu bilan deyarli bir vaqtda tarmoqda Ukraina kiyimidagi boshi kesib olingan askarlar aks etgan yana bir video paydo bo‘ldi.
Bu videodagi kadrlarda halokatga uchragan zirhli mashina yonida yerda yotgan, boshi kesilgan ikki jasadni ko‘rish mumkin. Halok bo‘lgan askarlarning qo‘llaridagi panjalar ham kesib tashlangan.
Rossiya telegram-kanallari ushbu video «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari tomonidan Baxmut atrofida olinganini taxmin qilmoqda.

Ukraina reaksiyasi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy videolarga munosabat bildirar ekan, dunyoning har bir mamlakati yetakchisi bu vahshiylikka munosabat bildirishi kerakligini aytgan.



















